O‘zbekistonda kapital bozori sohasida yangi tartib joriy etildi — endilikda yuridik shaxslar chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalar chiqarishi mumkin bo‘ladi.
Adliya vazirligi Kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Valyuta obligatsiyasi nima?
Valyuta obligatsiyalari — nominal qiymati hamda daromadi chet el valyutasida ifodalanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi. U obligatsiya egasining nominal qiymatni va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlaydi.
Kimlar valyuta obligatsiyasi chiqarishi mumkin?
Quyidagi talablarni bajargan yuridik shaxslar valyuta obligatsiyalarini chiqarishi mumkin:
- O‘zbekiston rezidenti bo‘lishi;
- “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lishi;
- Yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lishi.
50 mln dollarlik limit belgilandi
Yangi tartibga ko‘ra, bitta emitent tomonidan chiqariladigan valyuta obligatsiyalarining umumiy hajmi 50 mln AQSH dollari ekvivalentidan oshmasligi kerak.
Ta’minlangan va ta’minlanmagan obligatsiyalar
Valyuta obligatsiyalari:
- ta’minlangan;
- yoki ta’minlanmagan shaklda chiqarilishi mumkin.
Ta’minotsiz obligatsiyalar emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida chiqariladi. Agar chiqarilayotgan obligatsiyalar hajmi kompaniya kapitalidan oshib ketsa, oshgan qism uchun qo‘shimcha ta’minot taqdim etilishi shart bo‘ladi.
Nazorat qaysi tashkilot zimmasida?
Valyuta obligatsiyalarini chiqarish, joylashtirish, muomalasi, daromadlarni to‘lash va so‘ndirish jarayonlari ustidan nazoratni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi amalga oshiradi.