Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil aprel oyida 6 marotaba yig‘ilish o‘tkazib, bank va kredit tashkilotlari faoliyatiga oid jami 30 ta masalani ko‘rib chiqdi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi.
Qo‘mita yig‘ilishlarida asosan kredit tashkilotlarini ro‘yxatga olish va ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 4 ta, ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish bo‘yicha 1 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish bilan bog‘liq 1 ta masala hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari bo‘yicha 15 ta masala muhokama etildi.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 9 ta masala ham ko‘rib chiqilgan. Unda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlar talablariga rioya etilishi, bank hamda nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya va o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
Aniqlangan kamchiliklar va qonunchilik talablariga rioya qilinmagani sababli 2 ta bank hamda 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.