Seshanba, 2 Iyun

2026-yil aprel oyida inflyatsiya: oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlar narxlari qanday o‘zgardi?

Markaziy bank bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab tovarlar bo‘yicha yillik narx o‘sishi mo‘tadil darajada shakllangan bo‘lsa-da, ayrim mahsulot va xizmatlar keskin qimmatlashgan yoki aksincha sezilarli arzonlashgan.

2026-yil aprel oyida O‘zbekistonda ayrim mahsulot va xizmatlar narxida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Markaziy bank bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab tovarlar bo‘yicha yillik narx o‘sishi mo‘tadil darajada shakllangan bo‘lsa-da, ayrim mahsulot va xizmatlar keskin qimmatlashgan yoki aksincha sezilarli arzonlashgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari: limon narxi keskin qimmatlashdi, qovoq esa arzonlashdi

Aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta narx pasayishi qovoqda qayd etildi. Uning narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,3 foizga arzonlashgan.

Shuningdek:

  • baqlajon — 29,2 foizga,
  • sarimsoq — 24,9 foizga,
  • tarvuz — 21,9 foizga,
  • piyoz — 21,5 foizga arzonlashdi.

Eng yuqori narx o‘sishi esa limonda kuzatildi — mahsulot bir yil davomida 88,3 foizga qimmatlashgan.

Bundan tashqari:

  • mandarin — 23,8 foizga,
  • olma — 23,3 foizga,
  • qo‘y go‘shti — 20,3 foizga,
  • kartoshka — 18,9 foizga oshgan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksi savatidagi 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotining 151 tasida, ya’ni 90 foizida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlarida metan va nikoh uzugi narxlari sezilarli oshdi

Nooziq-ovqat mahsulotlari segmentida ayrim maishiy texnika va oshxona buyumlari arzonlashgani kuzatildi.

Xususan:

  • yirik oshxona anjomlari — 2,6 foizga,
  • ichimlik tayyorlash uchun kichik priborlar — 1,9 foizga,
  • kastryullar — 1,4 foizga,
  • kichik maishiy anjomlar — 1,1 foizga,
  • changyutgichlar — 0,7 foizga arzonlashgan.

Biroq ayrim mahsulotlar narxi sezilarli oshgan:

  • metan — 27,9 foizga,
  • nikoh uzugi — 27,6 foizga,
  • gazeta — 17,5 foizga,
  • propan — 16,7 foizga,
  • sement — 15,5 foizga qimmatlashgan.

Shu bilan birga, iste’mol narxlari savatidagi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotining 232 tasida yoki 92 foizida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past darajada shakllangan.

Xizmatlar sohasida sug‘urta va transport tariflari keskin oshdi

Xizmatlar segmentida eng katta arzonlashish aviaqatnovlarda kuzatildi.

Jumladan:

  • ichki yo‘lovchi havo transporti — 13,2 foizga,
  • xalqaro yo‘lovchi havo transporti — 7,9 foizga,
  • pul o‘tkazmalari uchun haq — 6,3 foizga,
  • nodavlat OTMlarda o‘qish — 0,5 foizga,
  • mikromoliyaviy xizmatlar — 0,02 foizga arzonlashgan.

Eng katta narx o‘sishi esa shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash xizmatida qayd etildi. Ushbu xizmat narxi bir yil ichida 281,8 foizga oshgan.

Shuningdek:

  • trolleybus yo‘l haqi — 100 foizga,
  • tarmoq gaz — 39,2 foizga,
  • sovuq suv — 33,8 foizga,
  • haydovchilik kurslari — 30,1 foizga qimmatlashgan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksidagi 98 turdagi xizmatning 71 tasida yoki 72 foizida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid