Seshanba, 2 Iyun

O‘zbekistonda har o‘n avtomobildan biri elektromobilga aylandi

Endilikda bozorda barcha avtomobillar bir xil qimmatlashayotgani yo‘q — ayrim modellarda narxlar barqaror qolayotgan bo‘lsa, boshqalarida pasayish yoki yuqori tebranish kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda ikkilamchi avtomobil bozori 2026-yil aprel oyida segmentlar bo‘yicha keskin farqlanishni namoyon etdi. Endilikda bozorda barcha avtomobillar bir xil qimmatlashayotgani yo‘q — ayrim modellarda narxlar barqaror qolayotgan bo‘lsa, boshqalarida pasayish yoki yuqori tebranish kuzatilmoqda. Bu esa bozorda xaridor uchun tanlov kengayayotgani, sotuvchilar uchun esa raqobat kuchayayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan OLX platformasidagi 1,4 milliondan ortiq ochiq e’lonlar asosida o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, aprel oyida tozalangan ma’lumotlarga ko’ra, e’lonlar soni 13,5 mingtani tashkil etdi. Bu mart oyiga nisbatan 18,6 foizga kam bo‘lsa-da, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 59,6 foizga yuqori bo‘lib qolmoqda. Tahlilda ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshgan avtomobillar hamda texnik ma’lumotlari noto‘g‘ri kiritilgan e’lonlar hisobga olinmagan.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Bozor tarkibida elektromobillar ulushi sezilarli oshmoqda. Agar 2024-yil iyun oyida umumiy takliflarda elektromobillar ulushi 5,4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil apreliga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizga yetdi. Shu bilan birga, mahalliy avtomobillar ulushi 53,7 foizdan 47 foizgacha qisqardi. Bu esa xaridorlar an’anaviy benzinli avtomobillardan tashqari, elektromobil va gibrid modellarga ham faol qiziqayotganini anglatadi.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Mahalliy ommabop avtomobillar segmentida narxlar asosan barqaror qolmoqda. Kam foydalanilgan Cobalt avtomobillarining median narxi 12,9 ming dollar atrofida saqlanib qoldi. Onix modeli esa 14,8 ming dollargacha biroz qimmatlashdi. Shu bilan birga, ayrim Damas, Labo va Nexia modellarida pasayish kuzatildi. Bu holat bozorda eng likvid avtomobillarga talab hali ham yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Mahalliy lyuks segmentida esa narxlar nisbatan faolroq o‘zgardi. Ko‘p foydalanilgan Malibu avtomobillari narxi 3,6 foizga oshgan bo‘lsa, Equinox modellari ham turli segmentlarda qimmatlashdi. Tracker narxlari esa deyarli o‘zgarmagan.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Xorijiy avtomobillar segmentida dinamika aralash shakllandi. Kam foydalanilgan ayrim Chery va KIA modellarida pasayish kuzatilgan bo‘lsa, ko‘p va o‘rtacha foydalanilgan premium segmentdagi Carnival hamda Sorento modellarida o‘sish qayd etildi. Ayrim hollarda narx o‘zgarishi 4–5 foizgacha yetgan. Bu esa premium segmentda talab saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Elektromobillar bozorida esa narx tebranishlari ancha faol bo‘lib qolmoqda. Masalan, BYD Seagull narxi 15,5–16 ming dollar, BYD Yuan Up 20–21,5 ming dollar, BYD Chazor esa 20,5–22 ming dollar atrofida shakllanmoqda. Ayrim elektromobillar narxi endi mahalliy avtomobillar bilan deyarli bir segmentga yaqinlashmoqda. Bu esa elektromobillarni bozordagi real raqobatchiga aylantirmoqda.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, avtomobil bozori avvalgi kabi umumiy narx o‘sishi bosqichidan chiqib ketgan. Hozirda arzon va likvid segmentlarda talab yuqori bo‘lib qolayotgan bo‘lsa, lyuks va ayrim elektromobil modellari segmentida narx tebranishi kuchliroq kuzatilmoqda.

Mutaxassislar sotuvchilarga narx belgilashda umumiy bozor kayfiyatiga emas, balki aniq model, foydalanilganlik darajasi va elektromobillar bilan raqobat omiliga e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda. Xaridorlarga esa avtomobilni investitsiya vositasi sifatida emas, foydalanish qulayligi va likvidlik asosida baholash muhim ekani ta’kidlanmoqda. Ayrim kam foydalanilgan mahalliy avtomobillar hozirda salon narxidan ham arzonroq shakllanayotgani bozorda raqobat sezilarli kuchayganini ko‘rsatmoqda.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid