O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2026 yilning birinchi yarmida 5 foizdan 4,5 foizga tushdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Qonunchilik palatasida davlat dasturining olti oylik ijrosi yuzasidan hisobot berar ekan, ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kiritilgan 227 mingta kambag‘al oilaga daromadlarini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatildi. Mahallalarda esa 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 246 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, hisobot davrida 460 ming nafardan ortiq ishsiz aholining doimiy bandligi ta’minlangan. 2 750 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirilgan.
Og‘ir toifadagi 37 ta hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 33 ta tumanning, shuningdek, 915 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash dasturlariga 9 trillion so‘m ajratilgan. Ayni paytda 3 200 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sgan. Sanoat 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,9 foizga, qurilish 13,8 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foizga o‘sish qayd etgan.
Shu davrda 28,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Oltin hisobga olinmaganda, eksport hajmi 14,4 milliard dollarga yetib, yillik hisobda 31,6 foizga oshdi. Kapital qo‘yilmalar hajmi qariyb 339 trillion so‘mni tashkil etdi.
Yillik inflyatsiya darajasi esa 6,4 foiz bo‘ldi. Hukumat yil yakuniga qadar mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘sishini kamida 8 foiz darajasida ta’minlashni maqsad qilgan.