O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva Prezident farmoni bilan Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi. U mazkur vazifani amaldagi lavozimi bilan o‘rindoshlik asosida bajaradi.
Yangi lavozim doirasida Saida Mirziyoyeva Moliya markazi kengashining Bosh kotibi hisoblanadi. U kengash majlislari kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi hamda rais ishtirok etmagan yig‘ilishlarda ularga raislik qiladi.
Boshqaruvchining asosiy vazifalaridan biri — Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish. Jumladan, dastlabki hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va Markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni tashkil etish kabi ishlar uning vakolatiga kiradi.
Shuningdek, boshqaruvchi Markaz nomidan O‘zbekiston va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar va hamkorlar bilan munosabatlarda vakillik qiladi.
Kadrlar masalasida ham keng vakolatlarga ega bo‘ladi. Xususan, Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktori va uning o‘rinbosarlarini tayinlashda ishtirok etadi hamda Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritadi.
Bundan tashqari, boshqaruvchi bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.