Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi poytaxt metropoliteni harakat tarkibini yangilashga qaratilgan investitsiya loyihasi konsepsiyasini ma’qulladi. Bu haqda Spot nashri xabar berdi.
Loyiha doirasida jami 70 ta yangi metro vagoni, ya’ni har biri beshta vagondan iborat 14 ta zamonaviy poyezd xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus poytaxt metrosining eskirayotgan vagonlarini bosqichma-bosqich almashtirish, yo‘lovchi tashish quvvatini oshirish hamda poyezdlar harakati oralig‘ini qisqartirishga qaratilgan.
Yangi metro poyezdlari qancha turadi?
Loyiha bo‘yicha yettita xorijiy ishlab chiqaruvchining takliflari va taxminiy moliyaviy shartlari o‘rganilgan.
Biroq hozircha faqat Xitoyning CRRC va Rossiyaning GTR kompaniyalari rasmiy tijorat takliflarini taqdim etgan. Qolgan ishlab chiqaruvchilar bo‘yicha xarajatlar ilgari amalga oshirilgan o‘xshash loyihalar asosida baholangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha qiymati ishlab chiqaruvchi, kredit foizlari, moliyalashtirish muddati va qo‘shimcha infratuzilma xarajatlariga qarab sezilarli farq qiladi.
| Ishlab chiqaruvchi | Poyezdlar narxi | Loyihaning umumiy qiymati |
|---|---|---|
| CRRC (Xitoy) | $118,3 mln | $168,6–169,7 mln |
| Hyundai Rotem (Janubiy Koreya) | $179,4 mln | $184,1–184,2 mln |
| Alstom (Fransiya) | $125,6 mln | $217,3–219,6 mln |
| CAF (Ispaniya) | $134,7 mln | $230–232,4 mln |
| GTR (Rossiya) | $158,7 mln | $248–251,9 mln |
| Škoda Transportation (Chexiya) | $164,2 mln | $280–282,3 mln |
| Kawasaki Rail Car (Yaponiya) | $279,1 mln | $356,2–357,4 mln |
Manba: Toshkent metropolitenining investitsiya loyihasi konsepsiyasi asosidagi dastlabki hisob-kitoblar.
Konsepsiyada Xitoyning CRRC, Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem va Rossiyaning GTR kompaniyalari takliflari nisbatan maqbul variantlar sifatida qayd etilgan.
Kredit shartlari ham muhim ahamiyatga ega
Metro poyezdlarini xarid qilishda faqat dastlabki narx emas, balki kreditning foiz stavkasi, muddati va boshqa moliyaviy xarajatlar ham hisobga olinadi.
Jumladan, Xitoyning CRRC kompaniyasi bilan bog‘liq moliyalashtirish variantida Xitoy Eksimbanki tomonidan 20 yil muddatga yillik 3 foizli kredit ajratilishi nazarda tutilgan.
Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bo‘yicha esa Koreya Eksimbankining 20 yillik, yillik 0,05 foizli imtiyozli moliyalashtirish shartlari hisobga olingan.
Rossiyaning GTR kompaniyasi bo‘yicha hisob-kitoblarda 12 yil muddatga yillik 9 foizli kredit ko‘zda tutilgan.
Shu sababli ayrim ishlab chiqaruvchilarning poyezdlari dastlab arzonroq bo‘lsa-da, kredit xarajatlari hisobga olinganida loyihaning yakuniy qiymati yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, Rossiyadan boshqa davlat ishlab chiqaruvchisi tanlangan taqdirda, mavjud texnik infratuzilmani moslashtirish, yangi depo va xizmat ko‘rsatish punktlarini tashkil etish uchun qo‘shimcha 10,1 mln dollar talab etilishi mumkin. Ushbu xarajatlar dastlabki umumiy hisob-kitoblarga kiritilgan.
Yangi vagonlar qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?
Texnik talablarga ko‘ra, xarid qilinadigan poyezdlar Toshkent metropolitenining mavjud infratuzilmasiga mos kelishi kerak.
Metro bekatlari platformalarining uzunligi taxminan 100 metr bo‘lgani sababli yangi poyezdlar beshta vagondan iborat bo‘lishi belgilangan.
Yangi harakat tarkiblari quyidagi texnik va qulaylik ko‘rsatkichlariga ega bo‘lishi rejalashtirilmoqda:
- Soatiga 90 kilometrgacha maksimal tezlik;
- Energiyani tejovchi asinxron elektr dvigatellari va rekuperativ tormozlash tizimi;
- Kengroq va qulayroq yo‘lovchi salonlari;
- Zamonaviy konditsioner, yoritish va axborot tizimlari;
- Harakatlanish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun qulay kirish imkoniyati;
- Tezlanish va tormozlanish samaradorligining yaxshilanishi.
Shuningdek, vagonlar 1520 millimetrli rels oralig‘i hamda 825 voltli kontakt relsi orqali elektr ta’minotiga mos bo‘lishi kerak.
Germaniyaning Siemens kompaniyasi esa o‘z texnologiyalari belgilangan texnik talablarga mos kelmasligini bildirgan va loyiha bo‘yicha tijorat taklifini taqdim etmagan.
Yangi poyezdlar qachon olib kelinadi?
Tasdiqlangan konsepsiyaga muvofiq, loyiha 2026–2027-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
2026-yilda yetkazib beruvchi kompaniyani aniqlash, moliyalashtirish manbalarini kelishish va kredit shartnomalarini imzolash ko‘zda tutilmoqda.
2027-yilda esa yangi poyezdlarni uchta partiyada, taxminan 10 oy davomida Toshkentga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Harakat tarkiblarini sinovdan o‘tkazish, qabul qilish va foydalanishga topshirish ishlari 2027-yil noyabrigacha yakunlanishi mo‘ljallangan.
Metro yiliga millionlab qo‘shimcha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi
Loyiha amalga oshirilishi natijasida poytaxt metropolitenining yo‘lovchi tashish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayishi kutilmoqda.
Dastlabki prognozlarga ko‘ra, yangi poyezdlar yordamida tashiladigan yo‘lovchilar soni quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Bundan tashqari, loyiha doirasida 61 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Jamoat transporti xizmatining yaxshilanishi hisobiga aholining bir qismi shaxsiy avtomobillardan metroga o‘tishi mumkin. Natijada Toshkent ko‘chalaridagi tirbandliklar kamayishi va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdori yiliga o‘rtacha 4 ming tonnaga qisqarishi prognoz qilinmoqda.
Xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi
Toshkent metropoliteni davlat subsidiyalari hisobidan faoliyat yurituvchi notijorat tashkilot hisoblanadi.
Konsepsiyada ko‘rib chiqilgan variantlarning hech biri mustaqil ravishda moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamasligi qayd etilgan. Shu bois loyiha doirasida jalb qilinadigan kreditlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qaytarish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, loyiha bevosita tijorat daromadi olishdan ko‘ra, jamoat transporti sifatini yaxshilash, aholiga qulaylik yaratish va shahar transport tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Muhimi, 70 ta yangi vagonni xarid qilish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Yetkazib beruvchi, loyiha qiymati va kredit shartlari tender natijalari hamda moliyalashtiruvchi tashkilotlar bilan muzokaralardan so‘ng aniqlashtiriladi.