Prezident Shavkat Mirziyoyevga “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot berildi.
Mazkur qonun 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat bo‘lib, unda asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘z ifodasini topgan. Xususan, 2025-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 6 foiz o‘sishi kutilmoqda.
Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431 trillion so‘m miqdorida, xarajatlari esa 480,5 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdoridagi taqchillik bilan tasdiqlandi.
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari balansi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foiz miqdorida taqchillik bilan shakllantirildi. Bunda davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 344,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirildi.
2025-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari prognozi 65,8 trillion so‘m, xarajatlari prognozi 84,3 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi inobatga olingan. Shuningdek, respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga 18,5 trillion so‘m miqdorida tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar o‘tkazib berilishi nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, bu yil ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi tadbirlar uchun jami davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yo‘naltiriladi.