Joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan yuqori iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi narxlarga oshiruvchi taʼsir ko‘rsatishda davom etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilgi baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan boshlab inflyatsiya pasayish tendensiyasiga o‘tdi. Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion jarayonlarning sekinlashishini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz – 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etib, iyulga nisbatan biroz pasaydi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining sekinlashishi tufayli bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaydi. Shu bilan birga, energiya narxlarining oshishi xizmatlar sohasida inflyatsiya yuqoriligi bilan namoyon bo‘lmoqda.
Aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish kuzatilayotgan bo‘lsa-da, u hali ham umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori. 2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish 7,2 foizni tashkil etib, xizmatlar sohasi bilan bir qatorda sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligida ham sezilarli o‘sish qayd etildi.
Yalpi talabning yuqori bo‘lishiga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, kreditlash surʼatlarining tezlashuvi, byudjet xarajatlari va investitsion faollik sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, global bozorlarda oziq-ovqat narxlarining oshishi, savdo cheklovlari hamda asosiy hamkor mamlakatlardagi yuqori inflyatsiya import inflyatsiyasi xavfini oshirmoqda.
Shu sharoitlarda yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bankning taʼkidlashicha, qatʼiy pul-kredit siyosati jamg‘arish jozibadorligini saqlab qolish, kreditlash surʼatlarini muvozanatlash va resurslar narxlarini barqaror shakllantirishga xizmat qiladi.
Umumiy inflyatsiyaning pasayishi vaqt talab etishi qayd etilar ekan, kutilmagan xavflar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi bildirildi. Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2025-yil 23-oktyabr kuniga belgilangan.