Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-iyundan mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilgan edi. Hisobot davri tahliliga ko‘ra, 5 ballgacha 4 nafar haydovchi, 4 ballgacha 14 nafar haydovchi, 3 ballgacha 189 nafar haydovchi, 2 ballgacha 4 976 nafar haydovchi va 1 ballgacha 63 974 nafar haydovchi jarima balli olgan. Shu bilan birga, 9 million 325 mingdan ortiq haydovchi birorta ham jarima balli olmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar bermoqda.
Qoidabuzarliklar tahliliga ko‘ra, 2024-yil iyun–avgust oylarida 285 mingdan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida ularning soni 167 mingtani tashkil etdi. Bu esa 58 foizlik pasayishni anglatadi. Haydovchilar aybi bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni ham kamaygan. Xususan, 2024-yil iyun–avgust oylarida 531 ta YTH sodir bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida 338 taga tushgan. Bu 36 foizga kamayishni ko‘rsatadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jarima ballari tizimi joriy etilishi va nazorat kuchaytirilishi natijasida qoidabuzarliklar hamda yo‘l-transport hodisalari soni sezilarli darajada kamaydi. Har bir oldi olinayotgan qoidabuzarlik va sodir bo‘lmay qolgan har bir YTH — bu fuqarolarimiz hayoti va salomatligini asrab qolish demakdir. Jarima ballari tizimi o‘z samaradorligini isbotladi va mamlakatimiz yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlashga muhim hissa qo‘shmoqda.