O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlat rahbari so‘zida so‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatimizda oliy ta’lim sohasi jadal rivojlanganini ta’kidladi. Shu davrda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 202 taga yetdi, talabalarning umumiy soni esa 250 mingdan 1,5 millionga oshdi.
Oliy ta’lim tizimida “o‘qishga kiritib qo‘yish” kabi salbiy illatga butunlay barham berildi, yoshlar uchun universitetlarga kirishda tanlov imkoniyatlari kengaydi. Professor-o‘qituvchilarning oyligi sezilarli darajada ko‘tarilib, oliygoh muallimi bo‘lish ko‘pchilik yoshlar uchun orzu va maqsadga aylandi.
Keyingi yillarda ayniqsa aniq va tabiiy fanlarga e’tibor kuchaytirildi. Yaqinda Toshkent texnika universiteti (“ToshTech”), Rossiyaning Bauman universiteti filiali va Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etilishi bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Xorazmda Al-Xorazmiy universitetining tamal toshi qo‘yildi. Qolgan hududlarda ham uning filiallari ochilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, mamlakatimizning ulkan yer osti boyliklaridan samarali foydalanish bo‘yicha ham muhim ishlar olib borilmoqda. Ilgari neft-gaz qidiruv ishlari asosan 2,5–3 ming metr chuqurlikkacha olib borilgan bo‘lsa, bu yil sanoatimiz tarixida ilk bor Ustyurtda 6,5 ming metr chuqurlikda burg‘ulash ishlari amalga oshirilib, juda katta gaz zahiralari topildi.
Dunyo bozorida to‘rtinchi sanoat inqilobi uchun zarur bo‘lgan tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik mineralarga talab keskin ortmoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zahiralarining 10–15 foizi Markaziy Osiyo hududiga to‘g‘ri keladi.
— “Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak”, — dedi Prezident.