O‘zbekistonda haydovchilar uchun yana bir qulay xizmat yo‘lga qo‘yildi. Endilikda guvohnomasini yo‘qotgan fuqarolar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borib o‘tirmasdan, uni my.gov.uz portali orqali onlayn tiklashlari mumkin.
Ariza topshirish uchun “Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish” bo‘limidagi maxsus xizmatdan foydalanish kifoya. To‘lov miqdori 370 800 so‘m (0,9 BHM) qilib belgilangan. Agar guvohnoma pochta orqali uyga yetkazib berilishi so‘raladigan bo‘lsa, qo‘shimcha 25 000 so‘m to‘lash kerak bo‘ladi.
Yangi hujjat 1 ish kunida tayyor bo‘ladi. Pochta orqali buyurtma qilinganda esa 3 ish kuni ichida yetib boradi.
Biroq tizimdagi ma’lumotlar mos kelmasa, fuqaro transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa yoki ayrim huquqiy cheklovlar mavjud bo‘lsa, ariza rad etilishi mumkin.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bu xizmat haydovchilarning ortiqcha navbat va qog‘ozbozliklardan xalos bo‘lishiga xizmat qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham fuqarolar yangilikni ijobiy kutib olishmoqda.
So‘nggi yillarda davlat xizmatlarini raqamlashtirish doirasida transport va haydovchilik hujjatlari bo‘yicha ham bir qator onlayn imkoniyatlar joriy etilmoqda.