Shanba, 11 Oktabr

BYD elektr giperkari tezlik bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi

BYD ga tegishli Yangwang brendi yangi elektr giperkari U9 Xtreme ni taqdim etdi. 2025-yil sentabr oyida Germaniyaning Automotive Testing Papenburg sinov poligonida mashina maksimal 496,22 km/soat tezlikka chiqib, tarixdagi eng tezkor seriyali avtomobilga aylandi. Shuningdek, Yangwang ushbu model Nürburgring “Shimoliy halqasi” ni 6:59.157 daqiqada bosib o‘tganini ma’lum qildi.

Bu natija seriyali elektromobillar orasida Xiaomi SU7 Ultra ning 7:04.957 ko‘rsatkichidan ham tezroqdir. Model ishlab chiqarilishi atigi 30 dona bilan chegaralanadi. U9 Xtreme Bugatti Chiron Super Sport 300+ ning 490,5 km/soat rekordini ham ortda qoldirdi.

U9 Xtreme mavjud U9 modeli asosida yaratilgan bo‘lib, kengaytirilgan aerodinamik paket bilan jihozlangan: kattalashtirilgan karbon old spoyler, ikki kanalli kapot va orqa antiqanot. Avtomobil o‘lchamlari — uzunligi 4991 mm, kengligi 2029 mm, balandligi 1351 mm, g‘ildirak bazasi esa 2900 mm. Mashina 20 dyuymli juft besh qirrali disklar va 500 km/soat tezlik uchun ishlab chiqilgan GitiSport e·Gtr2 Pro yarim silliq shinalar bilan ta’minlangan. Tormoz tizimida titanli kaliprlardan va takomillashtirilgan karbon-keramik disklardan foydalanilgan.

Salonda to‘liq raqamli asboblar paneli, T-shakldagi markaziy konsol, vertikal sensorli ekran hamda karbon tolasi va alkantradan ishlangan hashamatli bezak materiallari mavjud.

Avtomobil to‘rt dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, ular BYD Yi Sifang tizimi asosida ishlaydi. U 1200 voltli kremniy karbidi platformasida ishlaydi. Har bir motor 555 kVt quvvat ishlab chiqaradi, jami esa 2220 kVt (deyarli 3000 ot kuchi) ga teng. Natijada mashina 1217 ot kuchi/tonna ko‘rsatkichiga ega. Aylanish momenti vektorizatsiyasi tizimi soniyasiga 100 martadan ko‘proq sozlashni amalga oshirib, kuchni har bir g‘ildirakka mustaqil ravishda taqsimlaydi.

Shassida BYD DiSus-X aktiv kuzov boshqaruv tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u ikki klapanli osma yordamida g‘ildiraklarning vertikal harakatini real vaqt rejimida tartibga soladi. Bu tezlanish, tormozlanish va burilishlarda yo‘lga yopishishni yaxshilaydi. Bundan tashqari, U9 Xtreme birinchi bo‘lib ikki qatlamli sovutish tizimiga ega litiy-temir-fosfatli Blade akkumulyatori bilan jihozlangan.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid