2025-yil 1-oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda bir qator muhim yangiliklar kuchga kiradi. Ular aholining kundalik hayoti, davlat xizmatlari va ijtimoiy tizimlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Skuter va mopedlar uchun guvohnoma majburiy bo‘ladi
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda skuter va moped boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi shart bo‘ladi. Jarayon bilan bog‘liq xarajatlar quyidagicha:
- transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi – 3,7 BHM (1 525 400 so‘m);
- o‘quv kurslari – 2 mln so‘mgacha;
- guvohnoma olish uchun davlat boji – 288 400 so‘m;
- davlat raqami olish – 1,5 BHM (618 ming so‘m).
Umumiy xarajatlar qariyb 4,5 million so‘mdan ortadi. Shu tariqa, skuter va mopedlar ham avtomobil kabi to‘liq huquqiy tartibga solinadi.
“Chiroyli” davlat raqamlari savdosi bekor qilinadi
Vazirlar Mahkamasining 4-sentabrda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “chiroyli” avtomobil raqamlari auksion savdolari 1-oktyabrdan boshlab to‘xtatiladi. Bu qaror davlat raqamlarini sotib olish jarayonida shaffoflik va tartibni kuchaytirishga qaratilgan.
“Yashil makon” loyihasida shaffoflik kuchaytiriladi
Umummilliy “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va ochiqlikni ta’minlash maqsadida yangi mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi. Endi:
- fuqarolar tashabbusi bilan daraxt ekilishi mumkin bo‘lgan hududlar, ularning suv ta’minoti va parvarish imkoniyatlari oldindan aniqlanadi;
- ekiladigan daraxtlarning turlari haqida ma’lumot beriladi;
- Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bajarilayotgan ishlar “Har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyiliga muvofiq, onlayn tarzda jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiyasi avtomatik belgilanadi
Ijtimoiy himoya tizimida ham muhim yangilik bo‘ladi. 1-oktyabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari avtomatik tarzda tayinlanadi.
Xalq bankida pensiyalarni naqd shaklda olish jarayonida:
- Face-ID biometrik identifikatsiya joriy qilinadi;
- elektron raqamli imzo qo‘llaniladi;
- fuqarolar planshet orqali to‘lov qaydnomalarini elektron imzolash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bunda Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va Xalq bankining elektron so‘rovlariga muvofiq, biometrik ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ijtimoiy yordam pullari karta orqali tarqatiladi
Vazirlar Mahkamasining 11-mart kuni qabul qilingan qaroriga muvofiq, Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari endilikda naqd pul ko‘rinishida emas, balki ijtimoiy karta orqali beriladi. Ushbu tizim 1-oktyabrdan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etiladi.
Bu o‘zgarish naqd pul muomalasini kamaytirish va mablag‘larning maqsadli ishlatilishini ta’minlashga qaratilgan.
Davlat xizmatchilari xizmat safarlari yagona modul orqali boshqariladi
Xizmat safarlarining hisobini yuritish va ularni tahlil qilish bo‘yicha yagona tizim joriy qilinadi. Endi davlat xizmatchilarining ichki va xorijiy xizmat safarlari “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” moduli orqali tashkil etiladi. Bu tartib xizmat safarlarining to‘liq nazorat qilinishiga xizmat qiladi.