Jahon banki O‘zbekistonga 800 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar uzoq muddatli va past foizli shartlarda taqdim etilib, xalqaro moliya bozorlariga nisbatan ancha qulay hisoblanadi. Natijada O‘zbekiston qarz xizmatiga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirib, tejalgan mablag‘larni ijtimoiy va iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu moliyaviy qo‘llab-quvvatlov hukumatga bir qator strategik sohalarda islohotlarni jadallashtirishga yordam beradi. Jumladan:
- Ijtimoiy himoya: elektr, issiqlik va gaz tariflari oshishidan zarar ko‘rayotgan kam ta’minlangan oilalarga beriladigan yillik moddiy yordam puli 270 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha oshiriladi.
- Ayollar huquqlari va mehnat himoyasi: ayollarni ish joyidagi tazyiq va kamsitishlardan himoya qiluvchi huquqiy mexanizmlar takomillashtiriladi. Ish beruvchilarga homiladorlik yoki farzandli bo‘lish sababli ayollarni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan bo‘shatish qat’iyan taqiqlanadi.
- Ijtimoiy xizmatlar bozori: nodavlat va xususiy tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
- Davlat korxonalari islohoti: Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilib, davlat korxonalarini samarali boshqarish va xususiylashtirish jarayoni jadallashtiriladi. Telekom sohasida mustaqil regulyator tuziladi va bozorga xususiy investorlar jalb qilinadi.
- Qishloq xo‘jaligi: ishlab chiqaruvchilar uchun sug‘urta tizimi joriy qilinadi. Paxta narxini shakllantirish mexanizmi soddalashtirilib, to‘qimachilik korxonalari fermerlardan bevosita xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi.
- Tashqi savdo va JST: O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni tezlashtiriladi, eksport tartiblari soddalashtiriladi va ayrim ruxsatnomalar bekor qilinadi.
- Energetika: elektr energiyasi taqsimoti bozori xususiy sektor uchun ochiladi, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaruvchilar elektrni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish huquqiga ega bo‘ladi.
- Energiya samaradorligi: issiqxona gazlarini kamaytirish, energiya tejamkor loyihalarni rag‘batlantirish hamda quyosh energiyasi va issiqlik nasoslari texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etiladi.
- “Yashil” xaridlar: davlat xaridlarida ekologik mezonlar joriy qilinib, ekologik toza mahsulot va xizmatlarga ustuvorlik beriladi.
Jahon banki kreditlari O‘zbekiston uchun nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni jadallashtirish imkonini ham beradi.