“UzAuto Motors” AJ mijozlarga yanada qulay, shaffof va xavfsiz xizmat ko‘rsatish maqsadida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirmoqda. Endilikda kompaniya avtomobil xarid shartnomalarini maxsus QR-kod bilan taqdim etadi.
Yangi tizim iste’molchilarni qalbaki hujjatlardan himoya qilish va xarid jarayonini soddalashtirishga qaratilgan. Rasmiy diler tomonidan berilgan har bir shartnomada QR-kod mavjud bo‘lib, uni skanerlagan mijoz shartnoma haqiqiyligini onlayn tekshirishi mumkin.
QR-kod orqali xaridor quyidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin:
- shartnoma raqami va holati,
- xaridorning ism-sharifi,
- avtomobil narxi va to‘lov tafsilotlari,
- dilerlik markazi nomi va manzili,
- xarid qilinayotgan avtomobilga oid to‘liq ma’lumotlar.
“UzAuto Motors”ning bu yangiligi nafaqat mijozlar uchun qo‘shimcha xavfsizlik kafolati, balki avtomobil xaridi jarayonini zamonaviy va shaffof tizimga aylantiradi.