Yangi oy bilan birga mamlakatda bir qator qonun va qoidalar o‘zgaradi. Ular iqtisodiyot, raqamlashtirish, mehnat bozori, ta’lim va ijtimoiy sohalarni qamrab oladi.
Elektron hujjatlar qog‘oz bilan tenglashtiriladi
Endi 30 turdagi ma’lumot – masalan, pasport, haydovchilik guvohnomasi yoki sudlanmaganlik haqida ma’lumot – Yagona portal va MyGov ilovasi orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi. Shundan so‘ng davlat organlari yoki tashkilotlar ushbu hujjatlarning qog‘oz nusxasini talab qila olmaydi.
Batafsil ro‘yxat quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Ma’lumot nomi | Ma’lumotlarni taqdim etish uchun mas’ul vakolatli organ |
| Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligiRuhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligiDavlat tibbiyot muassasasida hisobda turganligi | Sog‘liqni saqlash vazirligi |
| Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risidaBiometrik pasport (ID karta)Haydovchilik guvohnomasiDoimiy yashash va vaqtincha turgan joyiO‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risidaNomida mavjud bo‘lgan avtotransport vositalariJismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR)Xorijga chiqish biometrik pasporti | Ichki ishlar vazirligi |
| Talaba o‘qish joyidan ma’lumot (oliy ta’lim muassasasidan)Ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlar (o‘rta maxsus, kasb-hunar, professional va oliy ta’lim) | Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi |
| Shahodatnoma ma’lumotlari | Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi |
| Nomiga rasmiylashtirilgan litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarYTT to‘g‘risida | Adliya vazirligi |
| Ish staji va ish joyi to‘g‘risida ma’lumot | Bandlik vazirligi |
| Turar joyning maydoniNomidagi ko‘chmas mulk obyektlari | Kadastr agentligi |
| Kam ta’minlangan deb e’tirof etilganligiFuqaroning Temir daftar’ga kiritilgani | Ijtimoiy himoya milliy agentligi |
| Fuqaroning Yoshlar daftari’ga kiritilgani | Yoshlar ishlari agentligi |
| Soliq va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligiIsh haqi to‘g‘risidaO‘zini o‘zi band qilganligi | Soliq qo‘mitasi |
| Fuqaroning Ayollar daftari’ga kiritilgani | Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi |
| To‘langan pensiyalar (nafaqalar) miqdoriPensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida | Iqtisodiyot va moliya vazirligi huduzirdagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, IHMA |
| Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligiO‘zbekistondan chiqishga vaqtincha cheklov qo‘yilganligi | MIB |
Chegarada telefon deklaratsiyasi endi onlayn
1-noyabrdan yo‘lovchilar import qilinayotgan telefon va boshqa tovarlarini bojxonada mobil ilova orqali deklaratsiya qila oladilar. Yangi “Yo‘lovchi deklaratsiyasi” ilovasi orqali pasport ma’lumotlari kiritiladi, IMEI-kod esa skaner yordamida avtomatik to‘ldiriladi. Ilovadan foydalanish uchun bepul Wi-Fi nuqtalari va infokiosklar o‘rnatiladi. Dastur hozircha Toshkent xalqaro aeroportida sinovdan o‘tayapti, noyabrdan esa barcha chegara postlarida ishga tushadi.
Talabalarga ijara uchun onlayn kompensatsiya
Davlat OTMlarida o‘qiyotgan talabalar ijara to‘lovi bo‘yicha kompensatsiyani my.gov.uz portali orqali so‘rashi mumkin bo‘ladi.
To‘lov miqdori:
- Toshkentda — BHMning 1 baravari (412 ming so‘m)
- Boshqa hududlarda — BHMning 0,5 baravari (206 ming so‘m).
Pulli davlat xizmatlari endi to‘lov ilovalarda
Banklar, to‘lov tashkilotlari va mobil operatorlar endi o‘z ilovalari orqali Yagona portaldagi pulli xizmatlarni taklif etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tizim xizmatlarning kamida 70 foizini bitta platformada birlashtirishni ko‘zlaydi.
Avtomobilga gaz ballon o‘rnatganda texpasportni almashtirish shart emas
Endilikda transport vositasiga gaz uskunasi o‘rnatilgach, texpasportni yangilash talab qilinmaydi.
Ma’lumotlar elektron tizim orqali avtomatik kiritiladi. Shu bilan birga, suv taqsimoti jarayonlari ham to‘liq raqamlashtiriladi — fermer va tadbirkorlar endi Suv hisobi yagona tizimi orqali onlayn murojaat qiladi.
Tadbirkorlarga yangi moliyaviy imkoniyatlar
Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi yangi kredit dasturlarini yo‘lga qo‘ymoqda:
- “Chempion” loyihalarga 10 mlrd so‘mgacha kredit;
- Mikro-loyihalar (xizmat, ishlab chiqarish, “yashil” iqtisodiyot) uchun 500 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar.
Foiz stavkasi — 6% gacha yoki Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 punktdan ortiq emas.
Kreditlar kamida 1 yil faoliyat yuritayotgan, 2 nafardan ko‘p xodim ishlayotgan va yangi ish o‘rinlari yaratadigan tadbirkorlarga ajratiladi.
Ish joylarining 3 foizi ijtimoiy guruhlar uchun ajratiladi
100 nafardan ortiq xodim ishlaydigan korxonalar endi ish o‘rinlarining kamida 3% qismini ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun zaxiralashi shart.
Bu toifadagilarga quyidagilar kiradi:
- nogironligi bo‘lganlar;
- oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar;
- kambag‘al oilalar a’zolari;
- ota-onasiz yoki yetim shaxslar.
Ishsizlik nafaqasining yangi tartibi
Endi nafaqa faqat mehnat shartnomasi bilan ishlagan va ishdan bo‘shatilgan shaxslarga to‘lanadi.
- So‘nggi 5 yilda 18 oy ishlaganlar, bo‘shatilganidan keyin 6 oy ichida murojaat qilsa, 3 oy davomida nafaqa oladi:
- 1-oy — o‘rtacha ish haqining 75%igacha;
- 2–3-oylar — 50%igacha.
To‘lov miqdori MHTEKMning 3 baravaridan oshmasligi kerak.
Startap loyihalar uchun bepul “Raqamli hukumat” tizimi
Raqamli startaplar va Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni” ishtirokchilari bir yil davomida Raqamli hukumat tizimidan bepul foydalanadi. IT Park rezidentlari endi xorijdagi konsulliklar orqali masofadan turib bank hisoblari ochish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Kasb o‘rganmoqchilarga vaucher asosida ssuda
Kasb-hunar kurslariga qatnashuvchilar uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi — bu o‘qish uchun beriladigan foizsiz qarz bo‘lib, ishga joylashgandan so‘ng 2 yil ichida qaytariladi. Nogironligi bo‘lgan, kambag‘al oilalardan chiqqan yoki boshqa hududdan qatnab o‘qiyotganlarga MHTEKM miqdorida stipendiya beriladi.
Davlat idoralarida shtatlar maqbullashtiriladi
Ijro organlari endi raqamli texnologiyalarni keng joriy etadi, keraksiz bo‘limlar qisqartiriladi, sun’iy intellekt asosida ma’lumotlar tahlil qilinadi. Shuningdek, AI sohasida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish dasturlari kengaytiriladi.
Mualliflik huquqini buzganlarga jazo kuchayadi
10-noyabrdan mualliflikni o‘zlashtirish, asar yoki ixtiro ma’lumotlarini ruxsatsiz e’lon qilish uchun javobgarlik belgilanadi.
Jazo: BHMning 50–75 baravari (20,6–30,9 mln so‘m) jarima yoki 5 yilgacha ozodlikni cheklash.
Korporativ etika bo‘yicha komissiya tuziladi
Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kengashi tarkibida yangi Korporativ etika komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya korxonalarga axloqiy tamoyillarni joriy etish bo‘yicha maslahat beradi va korporativ nizolarni hal etishda ko‘maklashadi.
O‘rmon fondi yerlari alohida himoyaga olinadi
Endi o‘rmon fondiga kiruvchi yer maydonlarini boshqa toifaga o‘tkazish faqat Prezident qarori bilan amalga oshiriladi.
Keksalarga sayohat uchun chegirmalar
55 yoshdan yuqori ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar 1–30 noyabr kunlari barcha mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlarda 20% chegirma bilan sayohat qila oladi (Afrosiyobdan tashqari). Chiptalar eticket.railway.uz orqali onlayn sotiladi. Uzbekistan Airways ham mahalliy reyslarda keksalarga 15% chegirma e’lon qilgan.