O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining “Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori Adliya vazirligida 2025-yil 28-oktabr kuni 3030-11-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2026-yil 29-yanvardan kuchga kiradi.
Kredit oluvchilar uchun yangi cheklist joriy etiladi
Endilikda banklar jismoniy shaxslarga kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida oldindan ma’lumot beruvchi standart cheklistni taqdim etadi. Bu hujjat mijozlarga kredit olishdan avval barcha shartlarni tushunib chiqish, o‘z moliyaviy imkoniyatlarini baholash va mas’uliyatli qaror qabul qilishga yordam beradi.
Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan mijozlar uchun yangi tartib
Nizomga ko‘ra, banklar moliyaviy qiyinchiliklar sababli to‘lovlarda muammoga duch kelgan mijozlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ichki tartib ishlab chiqishi shart. Bu tartib kredit shartnomasini restrukturizatsiya qilish jarayonining shaffofligini ta’minlash hamda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytiradi.
Insofsiz amaliyotlarga chek qo‘yiladi
Yangi talablar asosida banklar:
- mijozga arizada ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha kredit taklif etishni;
- ijtimoiy nafaqa va yordam mablag‘larini kredit qarzlarini qoplashga yo‘naltirishni;
- kredit jadvalida belgilangan kalendar sanadan avval to‘lov talab qilishni taqiqlaydi.
Bu o‘zgarishlar aholining ortiqcha qarzga botishining oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni himoya qilish hamda banklarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Kredit shartlarini oldindan belgilash amaliyotiga chek qo‘yiladi
Endilikda banklar moliyaviy xizmat ko‘rsatishda iste’molchining xohish-irodasini ifodalovchi belgilarni oldindan tanlab qo‘yish yoki kredit parametrlarini oldindan to‘ldirish amaliyotidan voz kechishi kerak. Bu qadam mijozlarning qaror qabul qilish erkinligini kengaytiradi va shaffoflikni oshiradi.
Omonatchilar uchun axborot shaffofligi oshiriladi
Tijorat banklari endilikda mijozlarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlanadigan omonat turlari, miqdori, kompensatsiya tartibi va muddati haqida batafsil tushuntirish berishlari shart. Bu talab aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va bank tizimiga ishonchini mustahkamlash maqsadida joriy etildi.
Yangi tartib 2026-yil 29-yanvardan kuchga kiradi
Markaziy bankning ushbu qarori orqali aholining manfaatlarini himoya qilish, bank xizmatlarining shaffofligi va adolatli raqobat muhitini ta’minlash maqsad qilingan.