Amerikaning texnologik giganti Apple kompaniyasida muhim kadrlar almashinuvi e’lon qilindi. Kompaniya bosh direktori (CEO) Tim Kuk 1-sentabrda o‘z lavozimini tark etib, ijrochi rais (Executive Chairman) sifatida faoliyatini davom ettiradi. Uning o‘rnini esa kompaniyaning apparat ta’minoti bo‘yicha katta vitse-prezidenti Jon Ternus egallaydi.
Kompaniya direktorlar kengashi ushbu qarorni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, Tim Kuk sentabrgacha o‘z vazifalarini bajarishda davom etib, yangi rahbarga vakolatlarni bosqichma-bosqich topshiradi.
Yangi lavozimida Kuk global strategiya, hukumatlar bilan aloqalar va kompaniya boshqaruvining muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratadi.
Tim Kuk 1998-yilda Apple’ga qo‘shilgan va 2011-yildan buyon kompaniyani boshqarib kelayotgan edi. Uning rahbarligi davrida Apple quyidagi natijalarga erishdi:
- Bozor kapitalizatsiyasi: $350 mlrd → $4 trln
- Yillik daromad: $108 mlrd → $416 mlrd+ (2025)
- Faoliyat geografiyasi: 200+ mamlakat
- Chakana savdo do‘konlari: 500+
- Faol qurilmalar bazasi: 2,5 mlrd+
Kuk davrida kompaniya xizmatlar segmentini keskin kengaytirib, uni $100 mlrdlik biznesga aylantirdi. Shuningdek, Apple o‘zining protsessorlariga o‘tib, texnologik mustaqillikni kuchaytirdi hamda ekologik tashabbuslar doirasida karbon chiqindilarini 60% dan ortiq kamaytirdi.
Jon Ternus Apple’da 2001-yildan beri faoliyat yuritadi. U dastlab sanoat dizayni bo‘limida ishlagan bo‘lsa, keyinchalik kompaniyaning asosiy apparat mahsulotlari rivojlanishiga rahbarlik qildi.
Uning ishtirokida quyidagi mahsulotlar ishlab chiqilgan:
- iPhone’ning yangi avlodlari
- Mac va MacBook liniyalari
- AirPods
- Apple Watch
- iPad qurilmalari
2021-yildan buyon Ternus Apple’ning top-menejmenti tarkibiga kirgan va kompaniyaning texnologik strategiyasida muhim rol o‘ynab kelmoqda.
Tim Kuk o‘z bayonotida kompaniyani boshqarish faoliyatini “hayotidagi eng katta sharaf” deb atab, Jon Ternusni yuqori baholadi. Ternus esa o‘z navbatida, Stiv Jobs va Tim Kuk davrida orttirgan tajribasiga tayangan holda Apple’ni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorligini bildirdi.