Markaziy bank 2026-yil 20-aprel holatiga tijorat banklarining kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari haqidagi ma’lumotlarini yangiladi. E’lon qilingan ko‘rsatkichlar 13-apreldagi holat bilan solishtirilganda ayrim segmentlarda o‘zgarishlar, ayrimlarida esa barqarorlik saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi bir hafta ichida o‘zgarmay, 29,1% darajasida qoldi. Shu bilan birga, banklar kesimida kichik siljishlar kuzatildi. Jumladan, Aloqabankda stavka 23,6 foizdan 24,1 foizga, Milliy bankda 24,0 foizdan 24,2 foizga oshgan. Ayrim banklarda esa pasayish qayd etildi: masalan, BRBda 25,1 foizdan 25,0 foizga, Kapitalbankda 25,8 foizdan 24,8 foizga tushgan. Yuqori stavkali banklar segmentida esa deyarli o‘zgarish kuzatilmadi — AVO bankda 39,9%, Tenge bankda 42,7% daraja saqlanib qolgan, Anorbankda esa 41,9 foizdan 40,4 foizga pasaygan.
Avtokreditlar segmentida esa biroz o‘sish qayd etildi. 13-aprel holatiga o‘rtacha stavka 22,7% bo‘lgan bo‘lsa, 20-aprelga kelib bu ko‘rsatkich 22,8% ga yetgan. Eng katta o‘zgarishlar past stavkali banklarda kuzatildi: Infinbankda 16,6 foizdan 18,5 foizga, BRBda 16,4 foizdan 18,7 foizga oshgan. O‘rta segmentda ham o‘sish bor — SQBda 21,2 foizdan 21,5 foizga, Aloqabankda 22,7 foizdan 23,5 foizga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, ayrim banklarda pasayish ham kuzatildi: Ziraat bankda stavka 27,0 foizdan 26,0 foizga tushgan.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha 20-aprel holatiga o‘rtacha stavka 23,5% ni tashkil etdi. Eng past stavkalar Aloqabankda 18,0%, SQBda 21,2% va Agrobankda 21,3% darajasida qayd etilgan. Yuqori stavkalar esa Asakabankda 25,8%, Trastbank hamda Universal bankda 26,0% atrofida shakllangan.
Yuridik shaxslarga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 25,4% ni tashkil etdi. Eng past stavkalar Milliy bankda 21,0% va KDB bankda 21,5%, eng yuqori stavkalar esa TBC bankda 30,3% va Kapitalbankda 29,8% darajasida qayd etilgan. Asosiy vositalar xaridi uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 23,9% bo‘lib, bu turdagi kreditlar nisbatan arzonroq. Eng past stavkalar BRBda 19,8% va Milliy bankda 20,3%, yuqori stavkalar esa Universal bankda 29,5% va Davr bankda 25,7% darajasida shakllangan.
Umuman olganda, bir haftalik davr ichida kredit bozorida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. Mikroqarzlar bo‘yicha stavkalar barqaror qoldi, avtokreditlar biroz oshdi, ipoteka kreditlari nisbatan past darajada saqlanib turibdi.