Chorshanba, 13 May

2025-yilda uy-joy bozori qanday o‘zgardi?

2017–2025-yillar davomida 548,4 ming nafar fuqaroga 105,3 trln so‘mdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilgan, natijada 2026-yil boshiga kelib kredit portfeli 79,4 trln so‘mga yetdi va 2017-yilga nisbatan 8,2 barobarga oshdi.

O‘zbekistonda uy-joy bozori 2025-yilda iqtisodiy o‘sish, demografik bosim va ipoteka kreditlash tizimining kengayishi fonida faol rivojlandi. Uy-joy bozori umumiy tahlili (2025-yil uchun) Markaziy bank tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda mazkur segmentning asosiy tendensiyalari, muammolari va rivojlanish istiqbollari batafsil yoritilgan. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bozor barqarorlashuv bosqichiga o‘tib, talab va taklif o‘rtasida muvozanat shakllanayotgani kuzatilmoqda.

So‘nggi yillarda ipoteka bozori uy-joy sektorining asosiy drayveriga aylandi. Xususan, 2017–2025-yillar davomida 548,4 ming nafar fuqaroga 105,3 trln so‘mdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilgan, natijada 2026-yil boshiga kelib kredit portfeli 79,4 trln so‘mga yetdi va 2017-yilga nisbatan 8,2 barobarga oshdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan 21,2 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratilib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 4,1 trln so‘mga ko‘pni tashkil etdi. Ajratilgan kreditlarning asosiy qismi birlamchi bozordan uy-joy sotib olishga yo‘naltirildi va ularning ulushi 72 foizga yetdi.

Moliyalashtirish manbalari tahlili shuni ko‘rsatadiki, ipoteka kreditlarining katta qismi markazlashgan mablag‘lar (64 foiz) hisobidan ajratilgan bo‘lib, tijorat banklarining o‘z mablag‘lari ulushi 25 foizni, boshqa moliyaviy institutlar ulushi esa 11 foizni tashkil etdi. Bu esa davlatning uy-joy bozoridagi faol ishtirokini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari ham muhim omil hisoblanadi. 2025-yilda o‘rtacha foiz stavkasi 21 foiz atrofida shakllanib, avvalgi yilga nisbatan biroz pasaydi. Markazlashgan resurslar asosidagi kreditlarda stavkalar nisbatan past bo‘lib, bu aholining ipotekaga bo‘lgan talabini oshirishga xizmat qilmoqda.

Uy-joy narxlari dinamikasida esa muhim burilish kuzatilmoqda. So‘nggi yillarda taklif hajmining oshishi natijasida narxlar o‘sishi sekinlashdi va 2025-yil yakunlariga ko‘ra birlamchi bozorda 4,4 foiz, ikkilamchi bozorda 5,9 foiz pasayish qayd etildi. Bu esa bozorda nisbiy barqarorlik shakllanayotganini anglatadi.

Taklif hajmining oshishi uy-joy qurilishidagi faollik bilan bevosita bog‘liq. 2025-yilda mamlakatda 135 mingta yangi xonadon qurib bitkazildi, bu 2024-yilga nisbatan 35 ming taga ko‘pdir. Shu bilan birga, uy-joy fondining umumiy maydoni 734,4 mln kvadrat metrga yetdi va aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi 19,2 kvadrat metrga ko‘tarildi.

Talab tomonida esa demografik va ijtimoiy omillar ustuvor ahamiyatga ega. 2025-yil boshiga kelib aholi soni 38,2 mln nafarga yetib, yil davomida 1,8 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, 2017–2025-yillarda yangi tashkil etilgan oilalar soni qurilgan uy-joylarga nisbatan uch barobar ko‘p bo‘lib, bu uzoq muddatli talabning yuqoriligini ko‘rsatadi.

Aholining moliyaviy imkoniyatlari ham ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. 2025-yilda o‘rtacha ish haqi 19 foizga, aholi daromadlari esa 16,6 foizga oshdi va bu uy-joy narxlariga nisbatan yuqori sur’atni tashkil etdi. Natijada aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlari yaxshilanib, ipoteka kreditlariga bo‘lgan talab ortdi.

Ipoteka kreditlash tizimida sifat jihatidan muhim o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, fuqarolarning dastlabki badal ulushi oshib, 50 foizdan yuqori badal bilan kredit oluvchilar ulushi 22 foizga yetdi. Shu bilan birga, kreditlarni muddatidan oldin so‘ndirish holatlari ham ortib, 9,4 trln so‘m miqdorida qarzdorlik rejalashtirilgan jadvaldan ortiq tarzda to‘langan.

Hududlar kesimida ipoteka bozori faoliyati notekis shakllangan. Eng yuqori ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib (32 foiz), undan keyingi o‘rinlarda Andijon va Farg‘ona viloyatlari qayd etilgan. Bu hududlarda iqtisodiy faollik va urbanizatsiya darajasi yuqoriligi bilan izohlanadi.

Ko‘chmas mulk bozorining muhim segmentlaridan biri — ijara bozori ham faol rivojlanmoqda. Toshkent shahrida ijara daromadliligi 9,3 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich investorlar uchun barqaror daromad manbai sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, uy-joy narxining daromadlarga nisbati yaxshilanib, bozorda muvozanat shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ham uy-joy bozori rivojini qo‘llab-quvvatlamoqda. 2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sdi, investitsiyalar hajmi 10,5 foizga, qurilish ishlari esa 14,2 foizga oshdi. Bu esa qurilish sektori iqtisodiyotning muhim drayveriga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Davlat siyosati doirasida uzoq muddatli strategik maqsadlar ham belgilangan. Xususan, 2040-yilgacha uy-joy qurilishi hajmini keskin oshirish, ipoteka portfelini bir necha barobar kengaytirish va aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish rejalashtirilgan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid