Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan bir qator masalalar yuzasidan yechimlar muhokama qilindi. Jumladan, peshlavha va brend belgilarini joylashtirish, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlariga qo‘yiladigan ma’muriy talablar, mehnat munosabatlari, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlari, jarimalar va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ortiqcha hujjatlar bilan bog‘liq muammolar ko‘rib chiqildi.
Amaldagi tartibda ayrim hollarda hatto korxona nomi yoki faoliyatini bildiruvchi oddiy peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida ruxsatnoma (pasport) olish va to‘lov qilish talab etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar zimmasiga qo‘shimcha byurokratik yuk tushirayotgani bilan birga, biznesning ko‘rinishi va mijoz oqimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, korxona nomi va faoliyatini ko‘rsatuvchi yozuvlarni reklama sifatida hisoblamaslik va ular uchun alohida ruxsat talablarini bekor qilish taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari, reklama va axborot belgilarini joylashtirish bo‘yicha dizayn talablari tadbirkorlar fikri asosida bosqichma-bosqich joriy etilishi, shuningdek, kompaniyalarga tegishli transport vositalarida o‘z brendini aks ettirish tartibini soddalashtirish rejalashtirilmoqda.
Vaziyat nimadan iborat?
So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida tadbirkorlar uchun dolzarb masalaga aylangan holat yuzaga keldi — ko‘plab biznes obyektlarining peshlavhalari olib tashlanmoqda.
Rasmiy talqinga ko‘ra, 1 kv.m.dan katta bo‘lgan tashqi yozuvlar reklama sifatida qaraladi, hatto ular faqat kompaniya nomini bildirsa ham. Bu yondashuv 2023-yilda qabul qilingan hukumat qaroriga asoslanadi va shahar tashqi ko‘rinishini tartibga solish maqsadini ko‘zlaydi.
Biroq amaliyotda bu jarayon sezilarli qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari o‘z belgilarisiz qolib, mijozlar uchun kamroq ko‘rinadigan holatga tushib qolgan. Ayrim tadbirkorlar esa uzoq vaqt davomida peshlavhasiz ishlashga majbur bo‘lmoqda.
Asosiy muammo shundaki, yangi peshlavhalarni qanday talablar asosida o‘rnatish va ruxsat olish tartibi yetarlicha tushuntirilmagan. Qonunan reklama joyi pasporti olish talab etiladi va bu jarayon YIDXP orqali amalga oshirilishi kerak. Ammo tadbirkorlar arizalar ko‘rib chiqilmayotgani va tizim amalda ishlamayotgani haqida gapirmoqda.
Bu holat aslida shaharda joriy etilishi kutilayotgan dizayn-kod bilan bog‘liq o‘zgarishlarning bir qismi. Shu bilan birga, muhim jihat: mazkur dizayn-kod hali kuchga kirmagan bo‘lib, u faqat 2026-yil 17-maydan amal qila boshlaydi.
Natijada yuzaga kelgan vaziyat — aniq va to‘liq ishlaydigan tartiblar shakllanib ulgurmasdan turib, amaliy choralar boshlab yuborilgan davr sifatida ko‘rilmoqda.