2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 18,1 mlrd dollarga oshib, 82,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiya mavqei va tashqi qarzi bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, global geosiyosiy keskinliklar va iqtisodiy noaniqliklarga qaramasdan, mamlakatda tashqi savdo, investitsiyalar va pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli oshgan.
2025-yilda jami eksport hajmi 23 foizga o‘sib, 32,3 mlrd dollarga yetdi. Tovarlar eksporti 23 mlrd dollarni, xizmatlar eksporti esa 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Ayniqsa, turizm, transport koridorlari va IT xizmatlari eksportdagi o‘sishning asosiy drayveri bo‘ldi.
Shu bilan birga, import hajmi ham yuqori sur’atlarda o‘sdi. Yil davomida jami import 20 foizga oshib, 52,2 mlrd dollarga yetgan. Natijada tovar va xizmatlar savdosi balansi 19,9 mlrd dollar manfiy ko‘rsatkich bilan shakllangan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat migrantlari yuborgan pullar va boshqa transferlar ushbu kamomadni qisman qoplagan. Xususan, ikkilamchi daromadlar bo‘yicha ijobiy saldo 13,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.
2025-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi ham sezilarli oshdi. Sof investitsiyalar hajmi qariyb 1,5 barobar ko‘payib, 4,4 mlrd dollarga yetgan. Portfel investitsiyalar ham xuddi shuncha — 4,4 mlrd dollarni tashkil etdi.
2026-yil 1-yanvar holatiga davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollar, korporativ tashqi qarz esa 41,7 mlrd dollar bo‘lgan. Umumiy tashqi qarz tarkibida korporativ qarzlarning o‘sishi yuqori bo‘lib, ular bir yil ichida 38 foizga oshgan.
Shuningdek, oltin narxining keskin ko‘tarilishi fonida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari ham sezilarli oshib, 66,3 mlrd dollarga yetdi.