2026-yil aprel oyida O‘zbekistonda iste’mol sektoridagi tovar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,0 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 foiz bandga past bo‘ldi. Taqqoslash uchun, 2025-yil aprel oyida yillik inflyatsiya 110,1 foiz darajasida qayd etilgandi.
Aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,0 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar 0,4 foizga qimmatlashgan.
Inflyatsiyaga eng katta ta’sir ko‘rsatgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida limon narxi 14,2 foizga, bulg‘or qalampiri 10,3 foizga, kartoshka 6,5 foizga, banan 6,0 foizga va olma 4,5 foizga oshgani qayd etildi. Shuningdek, qo‘y go‘shti 3,7 foizga, mol go‘shti 3,2 foizga, sabzi 3,2 foizga hamda shakar 2,2 foizga qimmatlashgan.
Shu bilan birga, ayrim mahsulotlar narxining pasayishi inflyatsiyani jilovlovchi omil bo‘ldi. Xususan, bodring narxi 26,1 foizga arzonlagan. Bundan tashqari, tuxum 3,6 foizga, ko‘katlar 3,3 foizga, piyoz 2,7 foizga, pomidor va karam 2,4 foizga, parranda go‘shti 1,5 foizga hamda guruch mahsulotlari 1,1 foizga pasaygan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari segmentida esa shampunlar narxi 2,9 foizga va benzin 1,4 foizga oshgani kuzatilgan. Ayni paytda propan 2,8 foizga, yirik oshxona jihozlari va ko‘mirning bozor narxlari esa 0,7 foizga arzonlagan.
Xizmatlar sektorida yo‘lovchi havo transporti xizmatlari 2,4 foizga, maishiy chiqindi uchun to‘lovlar 2,4 foizga, elektr samokat va elektr velosipedlar ijarasi 2,1 foizga hamda kinoteatr xizmatlari 1,3 foizga qimmatlashgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, hisob-kitoblar uchun respublika bo‘ylab 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan qariyb 1,3 million narx ma’lumotlari yig‘ilgan. Monitoring davomida 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatilgan.