Soliq qo‘mitasida blogerlar faoliyatini qonunchilik asosida tartibga solish hamda daromadlar shaffofligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, blogerlar faoliyatini o‘rganish doirasida ushbu sohaning eng faol 110 nafar vakili ro‘yxati shakllantirilgan. Tahlillar natijasida ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgani aniqlangan. Qolgan 22 nafari esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.
Soliq qo‘mitasi ushbu holat blogerlar faoliyatining amaldagi ko‘lami bilan ularning huquqiy maqomi o‘rtasida nomutanosiblik mavjudligini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Shuningdek, 3 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan 6 nafar top-bloger faoliyati ham alohida o‘rganilgan. Aniqlanishicha, ular 2025-yil davomida jami 360 ta storis hamda 184 ta reklama posti joylashtirgan.
Elektron hisobvaraq-fakturalar asosidagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur blogerlarning jami daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Budjetga esa 110,4 million so‘m miqdorida soliq to‘langan.
Uchrashuv davomida blogerlarga reklama orqali olinadigan daromadlarni soliqqa tortish bo‘yicha amaldagi qonunchilik normalari tushuntirildi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi, biroq ayrim hollarda administrator, yordamchi va boshqa mutaxassislar jalb qilinayotgani qayd etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bundan tashqari, blogerlar uchun soliq majburiyatlari va huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan o‘quv tadbirlarini tashkil etish taklifi ham ilgari surildi.
Blogerlar faoliyatini soliq qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini ta’minlash muhim ekanini alohida ta’kidlandi.