2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonning import hajmi 12,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalariga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalishdagi import hajmi 4,1 mlrd AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga oshgan.
Shuningdek, sanoat tovarlari importi 1,7 mlrd AQSH dollarini (+14,2%), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar esa 1,5 mlrd AQSH dollarini (+21,5%) tashkil etgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importi 1,4 mlrd AQSH dollariga yetib, 45,9 foizga o‘sgan. Xizmatlar importi esa 1,2 mlrd AQSH dollarini tashkil qilib, 17,9 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Bundan tashqari, mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,2 mlrd AQSH dollariga yetgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda eng yuqori o‘sish sur’ati — 64,4 foiz kuzatilgan.
Turli xil tayyor buyumlar importi 441,8 mln AQSH dollarini (+43,7%), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) esa 288,9 mln AQSH dollarini (+28,7%) tashkil etgan.
Shuningdek, hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar importi 158,1 mln AQSH dollariga (+46,0%), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 71,3 mln AQSH dollariga (+42,6%) yetgan.
“Boshqa tovarlar” kategoriyasi bo‘yicha import hajmi 177,9 mln AQSH dollarini tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobarga oshgan.