Oʻzbekiston 2026-yil aprel oyida xalqaro bozorlarga oltin yetkazib berishni qayta boshladi. Shu tariqa, mamlakat olti oylik tanaffusdan soʻng yana qimmatbaho metall eksportini amalga oshirdi.
Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki toʻrt oyida Oʻzbekistonning umumiy eksport hajmi 9,97 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,8 foizga kamdir. Biroq aprel oyida oltin eksportining tiklanishi tashqi savdo koʻrsatkichlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Hisobot davrida mamlakat tomonidan 1,5 mlrd dollardan ortiq nomonetar oltin eksport qilindi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-aprel oylarida oltin eksporti 1,503 mlrd dollarni tashkil etib, jami eksportning 15 foizdan ortig‘ini egalladi. O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 5,48 mlrd dollar bo‘lgan.
Oltin eksportidagi pasayish umumiy tashqi savdo balansiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida import hajmi 16,36 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, eksport 9,97 mlrd dollarni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo balansida 6,38 mlrd dollarlik manfiy saldo yuzaga keldi. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi 930 mln dollarlik defitsitdan ancha yuqori.
Shu bilan birga, oltinsiz eksport sezilarli o‘sishni namoyish etdi. Qimmatbaho metallarni hisobga olmaganda, Oʻzbekiston eksporti 5 mlrd dollardan oshib, oʻtgan yilga nisbatan qariyb 29 foizga ko‘paygan. Bu esa iqtisodiyotning boshqa eksport yo‘nalishlari ham faol rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatning asosiy oltin ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati yil boshidan buyon 737 ming troya unsiyasi oltin ishlab chiqardi. Ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan bo‘lsa-da, oltin narxlarining yuqori bo‘lishi hisobiga mahsulot qiymati keskin oshgan.
Qizig‘i shundaki, eksport qayta tiklanganiga qaramay, Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari ham o‘sishda davom etdi. Aprel oyida oltin-valyuta zaxiralari qariyb 71 mlrd dollarga yetdi. Markaziy bank balansidagi oltin aktivlari qiymati 61,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, zaxiradagi oltinning fizik hajmi 413 tonnadan ortiq darajada saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oʻzbekiston so‘nggi marta 2025-yil sentyabr oyida 1,47 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan edi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra esa mamlakatning qimmatbaho metallar eksporti tarixiy rekord o‘rnatib, 9,9 mlrd dollardan oshgan.