Toshkent shahrida band aholining eng katta qismi ulgurji va chakana savdo sohasida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil 1-yanvar holatiga doir ma’lumotlarni e’lon qildi.
Statistikaga ko‘ra, poytaxtda savdo sohasida 241,6 ming nafar fuqaro mehnat qilmoqda. Bu ko‘rsatkich Toshkentdagi barcha iqtisodiy faoliyat turlari orasida eng yuqori hisoblanadi.
Bandlik bo‘yicha keyingi o‘rinlarni ishlab chiqarish sanoati (188,9 ming kishi), qurilish (161,2 ming kishi) hamda ta’lim sohasi (139,4 ming kishi) egallagan.
Shuningdek, davlat boshqaruvi va mudofaa hamda majburiy ijtimoiy ta’minot tizimida 118,6 ming, tashish va saqlash sohasida 103,1 ming, boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida esa 96,2 ming kishi faoliyat yuritmoqda.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 79,1 ming, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 77,1 ming, professional, ilmiy va texnik faoliyatda 71,2 ming, axborot va aloqa sohasida esa 71,1 ming nafar aholi band.
Moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 43,5 ming, boshqaruv va yordamchi xizmatlarda 33,1 ming, ko‘chmas mulk operatsiyalarida 31 ming hamda tog‘-kon sanoatida 29,3 ming kishi ishlamoqda.
Eng kam bandlik ko‘rsatkichlari san’at, ko‘ngilochar va dam olish xizmatlari (20,1 ming kishi), suv ta’minoti va chiqindilarni utilizatsiya qilish (13,5 ming kishi), elektr, gaz va bug‘ bilan ta’minlash (7,7 ming kishi) hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi (5,8 ming kishi) sohalarida qayd etilgan.
Mazkur ma’lumotlar Toshkent iqtisodiyotida savdo, sanoat va qurilish yo‘nalishlari asosiy bandlik manbalari bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.