Shanba, 18 Iyul

Markaziy bank bir qator bank va mikromoliya tashkilotlarini jarimaga tortdi

Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish doirasida bir qator bank va mikromoliya tashkilotlariga nisbatan jarima sanksiyalarini qo’lladi.

2026-yilning birinchi choragida o’tkazilgan tekshiruvlar davomida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari hamda Uzum bank faoliyatida amaldagi qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlandi.

Tekshiruvlarda mikroqarz ajratishda qarz yuki bo’yicha talablarning buzilishi, mijozlar murojaatlarini ko’rib chiqish tartibiga rioya qilinmagani, kredit shartnomalarida majburiy ma’lumotlar to’liq aks ettirilmagani hamda kredit tarixiga oid ma’lumotlar kredit byurolariga o’z vaqtida taqdim etilmagani qayd etildi.

Uzum bankda esa rasmiy veb-saytda iste’molchilar uchun majburiy axborotlarni to’liq joylashtirmaslik, murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar, kredit tarixi ma’lumotlarini kechiktirib yuborish va shartnomalarda qonunchilikda belgilangan talablarning to’liq aks ettirilmagani aniqlandi.

Qoidabuzarliklar uchun Markaziy bank tomonidan:

  • Shaffof-moliya MMTga — 201 mln so’m;
  • Tezcoin MMTga — 156 mln so’m;
  • Uzum bankka — 215,5 mln so’m miqdorida jarima qo’llanildi.

Shuningdek, iste’molchilarning murojaatlari asosida Ipoteka-bank faoliyati ham o’rganildi. Tekshiruv davomida kredit to’lovlari mijozlarning bank kartalaridan to’lov sanasidan oldin yechib olingani, ayrim hollarda shartnomada nazarda tutilmagan bo’lsa-da, mablag’lar mijoz roziligisiz hisobdan chiqarilgani, garov reyestriga oid yozuvlar belgilangan muddatda bekor qilinmagani hamda shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlandi.

Mazkur qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bankka 105 mln so’m miqdorida jarima belgilandi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tijorat banklari filiallarida «sirli mijoz» usulidagi nazorat tadbirlarini ham o’tkazdi. Tekshiruvlarda iste’molchilar bilan ishlashda oshkoralik, shaffoflik hamda axborotlarning to’liqligi va to’g’riligiga oid talablar buzilgani aniqlandi.

Natijada 14 ta tijorat bankiga nisbatan jami 681,5 mln so’m miqdorida jarima qo’llanildi.

Eng yirik jarimalardan:

  • Agrobank255 mln so’m;
  • O’zsanoatqurilishbank119,5 mln so’mni tashkil etdi.

Markaziy bank bunday nazorat tadbirlari moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, bank va moliya tashkilotlarida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida muntazam davom ettirilishini ma’lum qildi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid