1 kilogramm palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar qiymati iyun oyida deyarli barcha hududlarda oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oyida eng qimmat 1 kg palovni tayyorlash Toshkent shahrida bo‘lib, uning qiymati 126 807 so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (123 759 so‘m), Samarqand viloyati (120 721 so‘m) va Toshkent viloyati (120 548 so‘m) qayd etildi.
Eng arzon palov esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, uning hisoblangan qiymati 105 215 so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 112 222 so‘m, Andijon viloyatida esa 114 625 so‘mni tashkil qilgan.
May oyiga nisbatan iyun oyida barcha hududlarda palov tayyorlash xarajati oshgan. Eng katta o‘sish Xorazm viloyatida kuzatilib, qiymat 1 616 so‘mga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 1 658 so‘mga ko‘tarilgan. Toshkent shahrida esa bir oy ichida xarajat 1 681 so‘mga oshgan.
Hisob-kitoblar 1 kilogramm palov tayyorlash uchun quyidagi mahsulotlar asosida amalga oshirilgan:
- kungaboqar yog‘i — 0,3 litr;
- piyoz — 300 gramm;
- mol go‘shti — 700 gramm;
- sabzi — 1 kilogramm;
- lazer guruchi — 1 kilogramm;
- no‘xat — 100 gramm;
- zira — 10 gramm;
- osh tuzi — 20 gramm.
Ma’lumot o‘rnida, keltirilgan qiymatlar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxlari asosida hisoblangan bo‘lib, hududlarda sotilayotgan tayyor 1 kilogramm palov narxini anglatmaydi.