O‘zbekiston Markaziy banki aholining hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish holatini baholash uchun Moliyaviy ommaboplik milliy indeksini ishlab chiqdi. 2025-yil uchun o‘tkazilgan pilot hisob-kitob ushbu yo‘nalishdagi dastlabki kompleks baholash bo‘ldi.
Indeks metodologiyasini ishlab chiqishda 1 600 dan ortiq milliy va xalqaro monitoring tizimlarida qo‘llanadigan indikatorlar o‘rganilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston moliya bozorining o‘ziga xos jihatlari va milliy ustuvorliklarni hisobga olgan holda asosiy indikatorlar tanlab olinib, yagona baholash tizimiga birlashtirilgan. Metodologiya Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Moliyaviy ommaboplik alyansi ekspertlari ishtirokidagi muhokamalardan ham o‘tkazilgan.
Aholining moliyaviy ommabopligi 59 ball
Pilot hisob-kitobda 16 yosh va undan katta aholi alohida segment sifatida baholangan. Natijaga ko‘ra, aholining moliyaviy ommaboplik indeksi 59 ballni tashkil etdi.
Indeks uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha shakllantirilgan:
- moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati — 62 ball;
- moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi — 51 ball;
- moliyaviy xizmatlarning sifat darajasi — 64 ball.
Bu natijalar aholining bank va boshqa moliyaviy xizmatlarga kirish imkoniyatlari ancha shakllanganini, biroq mavjud imkoniyatlardan muntazam va faol foydalanish darajasini oshirish uchun hali imkoniyat borligini ko‘rsatadi.
Masalan, katta yoshli aholining 86 foizi bank hisobvarag‘iga ega, ammo jamg‘arma yoki muddatli hisobvarag‘iga ega bo‘lganlar ulushi atigi 4 foizni tashkil etadi. Shuningdek, mamlakat bo‘yicha milliy bank kartalarining 53 foizi faol ekani qayd etilgan.
Qishloq joylarda tafovut yuqori
Indeks natijalari hududlar bo‘yicha ham sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatgan.
Xususan, qishloq hududlarida moliyaviy ommaboplik darajasi 49 ballni tashkil etgan. Qishloq aholisi orasida bank hisobvarag‘iga ega bo‘lganlar ulushi 21 foiz bo‘lib, mamlakat bo‘yicha katta yoshli aholi uchun bu ko‘rsatkich 86 foizga teng.
Qishloq aholisi orasida jamg‘arma yoki muddatli hisobvarag‘iga ega bo‘lganlar ulushi ham atigi 1 foizni tashkil etgan. Bu umumiy aholi bo‘yicha 4 foizlik ko‘rsatkichdan sezilarli past.
Shu sababli kelgusida qishloq hududlarida aholining moliyaviy tizimga dastlabki kirishini kengaytirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Kichik va o‘rta biznesda indeks 49 ball
Kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun hisoblangan moliyaviy ommaboplik indeksi esa 49 ballni tashkil etdi.
Ushbu segmentda uchta asosiy ko‘rsatkich quyidagicha:
- moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati — 39 ball;
- foydalanish darajasi — 64 ball;
- xizmatlar sifati — 43 ball.
Demak, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy tizimga kirgan qismi xizmatlardan nisbatan faol foydalanmoqda. Biroq bizneslarning moliyaviy xizmatlar bilan qamrovi va xizmatlar sifati hali asosiy cheklovlardan biri bo‘lib qolmoqda.
To‘lov xizmatlari eng zaif yo‘nalish
Kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati bo‘yicha eng past ko‘rsatkich to‘lov xizmatlarida — 19 ball qayd etilgan. Kredit mahsulotlari bo‘yicha ko‘rsatkich 50 ball, jamg‘arma mahsulotlari bo‘yicha esa 44 ballni tashkil qilgan.
Hisobotda kichik va o‘rta biznesning qariyb 72 foizi bank hisobvarag‘iga ega, biroq jamg‘arma yoki muddatli depozit hisobvarag‘iga ega subyektlar ulushi 2 foizdan ham kam ekani qayd etilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qariyb 24 foizi amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega, kredit byurosida qayd etilgan subyektlar ulushi esa taxminan 68 foizni tashkil etadi.
Indeks nimani ko‘rsatadi?
Markaziy bank indeksni 0–100 ballik shkalada hisoblaydi. Ball qancha yuqori bo‘lsa, belgilangan maqsadli mezonlarga nisbatan moliyaviy ommaboplik holati shuncha yaxshi hisoblanadi. 26–50 ball oralig‘i moliyaviy ommaboplik qamrovi shakllanayotganini, 51–75 ball esa keyingi rivojlanish bosqichini anglatadi. 100 ball esa metodologik yuqori chegara bo‘lib, uni yakuniy siyosiy maqsad sifatida talqin qilish kerak emas.
Pilot indeks hozircha asosan moliyaviy xizmatlarni taklif qiluvchi tashkilotlarning ma’lumotlari asosida shakllantirilgan. Keyingi bosqichlarda aholining va tadbirkorlarning talabi, xizmatlardan foydalanmaslik sabablari, mavjud to‘siqlar, moliyaviy tashkilotlarga ishonch hamda mijozlarning xizmat sifatiga bergan bahosini o‘rganish rejalashtirilgan.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, indeksning muntazam hisoblab borilishi vaqt o‘tishi bilan moliyaviy ommaboplikdagi o‘zgarishlarni kuzatish, amalga oshirilayotgan choralar samaradorligini baholash va eng katta muammolar saqlanib qolayotgan yo‘nalishlarni aniqlash imkonini beradi.
Qisqasi, 2025-yilgi pilot natijalar O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlarga kirish uchun asosiy baza shakllanganini, endilikdagi asosiy vazifa esa aholining va biznesning ushbu xizmatlardan faol, muntazam, xavfsiz va sifatli foydalanishini kengaytirish ekanini ko‘rsatmoqda.