Seshanba, 1 Sentabr

O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘li 25 avgustdan to‘liq ishga tushadi. Narxlar ma’lum bo‘ldi

Uzunligi 35 kilometr bo‘lgan to‘rt polosali yo‘l Urganch shahri, Xiva va Urganch xalqaro aeroportini o‘zaro bog‘laydi.

O‘zbekistonda birinchi pulli avtomobil yo‘li — Urganch–Xiva trassasida yo‘l haqini elektron undirish tizimi 25 avgustdan to‘liq ishga tushiriladi. Ayni paytda tizim sinov tariqasida ishlamoqda.

Uzunligi 35 kilometr bo‘lgan to‘rt polosali yo‘l Urganch shahri, Xiva va Urganch xalqaro aeroportini o‘zaro bog‘laydi. Yangi trassa orqali ikki shahar o‘rtasidagi qatnov vaqti 45–50 daqiqadan 15–20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda. Yo‘lning sutkalik o‘tkazuvchanlik quvvati 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi.

Yo‘l haqi qancha?

Yengil avtomobillar uchun to‘lov quyidagicha belgilanadi:

  • Urganch–Xiva va orqaga to‘liq yo‘nalish — 25 ming so‘m;
  • «Turkmanli» mahallasidan Xivagacha qisqa yo‘nalish — 20 ming so‘m.

3,5 tonnagacha bo‘lgan yengil yuk avtomobillari, avtobuslar hamda 3,5–12 tonnalik yuk avtomobillari uchun:

  • to‘liq yo‘nalish — 40 ming so‘m;
  • qisqa yo‘nalish — 25 ming so‘m.

Yo‘l haqi avtomobilni to‘xtatmasdan, elektron tizim orqali avtomatik undiriladi. Foydalanuvchilar maxsus mobil ilova orqali elektron hamyonni to‘ldirishi yoki bank kartasini ulashi mumkin. Shuningdek, har bir qatnovdan so‘ng mablag‘ni avtomatik yechib olish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.

Trassada qanday talablar amal qiladi?

Pulli yo‘lda maksimal tezlik 130 km/soat, minimal tezlik esa 40 km/soat etib belgilangan.

Trassada piyodalar, mopedlar, ot-aravalar va tirkamali transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi. Shuningdek, yo‘lda qayrilib olish va to‘xtashga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Loyiha doirasida yerosti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazuvchi inshoot qurilgan. Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollarni tashkil etadi.

25 avgustdan boshlab yangi elektron to‘lov tizimi to‘liq ishga tushishi bilan Urganch–Xiva yo‘li O‘zbekistondagi pulli avtomobil yo‘llarining birinchisi sifatida faoliyat yurita boshlaydi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid