Dekabr oyida Yandex Go platformasida taksi xizmatlari narxlari oshgani kuzatilmoqda. Bu holat yuzasidan iste’molchilar Raqobat qo‘mitasiga shikoyat yo‘llagan. Qo‘mita kompaniyani narxlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha chora ko‘rishga ogohlantirdi.
Mazkur holatlar yuzasidan platformaning dekabr oyidagi dastlabki 10 kunlik xizmat narxlari monitoring qilinganda narxlar dinamikasida keskin o‘zgarish kuzatilganligi aniqlandi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ustun mavqeini suiiste’mol qilish, xususan monopol yuqori narx belgilash taqiqlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi “YandexGo UB” MChJni taksida yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlarini pasaytirish bo‘yicha chora ko‘rish hamda platforma narx algoritmini qayta ko‘rib chiqishi bo‘yicha ogohlantirdi.