1-apreldan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i quyish uchun to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladigan tartib joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tizim ishga tushgan ilk o‘n kun ichida yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi umumiy tushum 720 milliard so‘mdan oshdi.
Xususan, 3–8-aprel kunlari davomida tushumlar barqaror o‘sishni namoyon etdi. Eng yuqori ko‘rsatkich 4–6-aprel kunlariga to‘g‘ri kelib, ushbu davrda tushum hajmi qariyb 400 milliard so‘mga yetdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, amalga oshirilgan to‘lovlarning 92–95 foizi bank kartalari orqali bajarilgan. Bu esa aholining naqdsiz to‘lov vositalariga tez moslashganini va kundalik hisob-kitoblarda kartalardan faol foydalanayotganini tasdiqlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 70 milliondan ortiq bank kartalari muomalada bo‘lib, 60 mingdan ortiq yoqilg‘i kartalari ham faol ishlatilmoqda. Shuningdek, 46 mingdan ortiq bankomat, ADM va infokiosklar mavjud bo‘lib, ularning 7 mingdan ortig‘i naqd pul qabul qilish imkoniyatiga ega.