Shanba, 18 Aprel

Xonandalar to‘lagan soliqlar 7 baravardan ko‘proqqa kamaygani ma’lum bo‘ldi

Ushbu holat konsert faoliyatida daromadlarni to‘liq hisobga olish va nazorat qilish tizimi yetarlicha shaffof emasligini anglatadi.

O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xonandalar tomonidan to‘langan daromad solig‘i keskin kamaygani ma’lum bo‘ldi. Adliya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu pasayish sohada soliq ma’murchiligi yetarli darajada samarali ishlamayotganini ko‘rsatmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda 2 020 nafar xonanda soliq deklaratsiyasini topshirib, jami 1,1 milliard so‘m daromad solig‘i to‘lagan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich keskin pasayib, atigi 305 nafar xonanda deklaratsiya topshirgan va jami 154 million so‘m soliq hisoblangan. Natijada umumiy tushum qariyb 7 baravardan ko‘proqqa kamaygan.

Shuningdek, bir nafar xonandaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik soliq miqdori ham deyarli o‘zgarmagan — 2024-yilda 544,5 ming so‘mni, 2025-yilda esa 505,6 ming so‘mni tashkil etgan. Bu esa muammo asosan soliq bazasining qisqarishi, ya’ni deklaratsiya topshirayotgan ijodkorlar sonining keskin kamayishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu holat konsert faoliyatida daromadlarni to‘liq hisobga olish va nazorat qilish tizimi yetarlicha shaffof emasligini anglatadi. Shu sababli yangi qaror loyihasida yagona va raqamli hisob tizimini joriy etish orqali sohada tartib va ochiqlikni ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Mazkur tashabbus amalga oshirilsa, nafaqat soliq tushumlari oshishi, balki konsert-tomosha bozorida teng va adolatli raqobat muhiti shakllanishi ham kutilmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid