O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish — IPO natijalarini e’lon qildi. Joylashtirish doirasida jamg‘arma aksiyalarining 31 foizi sotilib, jami qariyb 603,6 mln dollar mablag‘ jalb qilindi.
IPO jarayonida oddiy aksiyalar hamda global depozitar tilxatlar (GDR) investorlarga taklif etildi. Taklif qilingan barcha qimmatli qog‘ozlar jamg‘armaning yagona aksiyadori — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqarildi.
Umumiy hisobda 1,56 trln dona aksiya taklif qilinib, bu jamg‘arma ustav kapitalining 31 foiz ulushiga teng bo‘ldi. Har bir GDR 64 700 dona aksiyaga ekvivalent qilib belgilandi.
“Toshkent” respublika fond birjasida qariyb 47,9 mlrd dona aksiya joylashtirildi. Jismoniy shaxslar uchun aksiya narxi 4,65 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 12 mln so‘mgacha buyurtma bergan investorlar uchun 5 foizlik chegirma qo‘llanildi. Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi.
London fond birjasida esa qariyb 1,5 trln dona aksiya 23,4 mln dona GDR shaklida joylashtirildi. Har bir GDR narxi 25 dollar qilib belgilandi.
IPO natijasida jalb qilingan mablag‘larning umumiy hajmi 603,6 mln dollarga yetdi. Biroq barcha qimmatli qog‘ozlar mavjud aksiyador tomonidan sotilgani sababli, ushbu mablag‘lar jamg‘armaning o‘ziga emas, balki davlat ulushini realizatsiya qilish orqali budjetga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsiyasi doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilinadigan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha oshadi.
Birlamchi joylashtirish narxidan kelib chiqib, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarga baholandi.
IPO’ga investorlar tomonidan yuqori qiziqish bildirildi — talab taklif hajmidan to‘rt barobardan ko‘proq bo‘lgani aytilmoqda. Asosiy investorlar qatorida BlackRock, Franklin Templeton hamda Redwheel ishtirok etdi.
Global depozitar tilxatlar savdosi London Stock Exchange maydonida 13-maydan boshlanishi kutilmoqda. “Toshkent” respublika fond birjasida esa qimmatli qog‘ozlar 18-maydan boshlab UZNF tikeri ostida erkin muomalaga chiqariladi.
Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO’si O‘zbekiston tarixidagi oltinchi IPO sifatida qayd etildi. 2023 yilda ketma-ket uchta IPO o‘tkazilganidan so‘ng, mamlakatda bu darajadagi yirik investitsion joylashtirish ilk bor amalga oshirildi.