2026-yil 18-may kuni “Toshkent” Respublika fond birjasida Milliy investitsiya jamg‘armasi — UzNIF aksiyalari bo‘yicha ilk savdolar boshlandi.
Savdolar boshlanganidan keyin investorlar faolligi keskin oshdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamg‘arma aksiyalarining savdo hajmi 1 milliard so‘mdan oshishiga bir yarim soat kifoya qilgan. Toshkent vaqti bilan soat 12:40 holatiga ko‘ra esa umumiy savdo hajmi qariyb 3 milliard so‘mga yetgan.
Kun davomida UzNIF aksiyalari narxi 7,5 so‘mgacha ko‘tarilib, joylashtirish narxiga nisbatan 70 foizdan ortiq o‘sishni qayd etdi. Biroq keyinchalik birjadagi ommaviy sotuvlar ortidan narx pasaya boshladi. Hozirda bir dona aksiya qiymati 6 so‘m atrofida shakllanib, IPO narxiga nisbatan qariyb 20 foizlik o‘sish saqlanib qolmoqda.
London fond birjasida ham UzNIF’ga talab yuqori bo‘ldi. Jamg‘arma aksiyalari u yerda Global Depositary Receipt (GDR) shaklida joylashtirilgan bo‘lib, savdolar davomida narx 27,8 dollargacha ko‘tarildi. IPO doirasida GDR’lar 25 dollardan sotilgan edi. Natijada aksiyalar qiymati 11 foizdan ko‘proqqa oshdi. Ayni paytda GDR narxi 27,6 dollar atrofida savdo qilinmoqda.
Bugun Londonda UzNIF IPO’si va aksiyalar savdosining rasmiy ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.
UzNIF O‘zbekistondagi 13 ta strategik davlat aktivlari ulushidan shakllantirilgan. Ular orasida Uzbekistan Airways, Sanoatqurilishbank hamda O‘zbekiston temir yo‘llari kabi yirik kompaniyalar mavjud.
13-may kuni UzNIF IPO jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlab, aksiyalarning 31 foizini 603,4 million dollarga sotgani ma’lum qilingandi. Asosiy joylashtirish esa London fond birjasida amalga oshirilgan.
UzNIF aksiyalarini sotib olish uchun investorlar broker yoki invest-platformada hisob ochishi kerak bo‘ladi. Hozirda Jett, Avesto Investment va Freedom Finance kabi brokerlar orqali savdolarda qatnashish mumkin. Oddiy aksiya kodi — UZ705898.