Seshanba, 2 Iyun

“Yangi Toshkent” omili uy narxlariga ta’sir qilyaptimi?

2026-yil aprel oyida Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozori faolligi pasaydi, biroq narxlar umumiy bozorda keskin o‘zgarishsiz qoldi. Shu bilan birga, bozor segmentlari va hududlar kesimida narx tafovutlari yanada kuchaygani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida uy-joy bozoridagi umumiy e’lonlar soni 44,5 mingtani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,7 foizga kamaygan.

Tahlillar uy-joy e’lonlari tarkibida birlamchi bozor ulushi oshib borayotganini ko‘rsatdi. Xususan, birlamchi bozor ulushi 2024-yil yanvardagi 33,8 foizdan 47,6 foizgacha ko‘tarilgan bo‘lsa, ikkilamchi bozor ulushi 66,2 foizdan 52,4 foizgacha qisqargan.

Bozor segmentlari kesimida 2 va 3 xonali uy-joylarda narxlar nisbatan barqaror saqlanmoqda. Biroq birlamchi bozorda 4 va undan ko‘p xonali yuqori narx segmentida pasayish davom etayotgani qayd etildi. Ikkilamchi bozorda esa ushbu segmentda mo‘tadil o‘sish kuzatilgan.

Birlamchi bozorda 3 xonali uylar narxi 1,8 foizga, 2 xonali uylar 0,7 foizga qimmatlashgan. Ayni paytda 1 xonali uylar narxi 1,6 foizga, 4 va undan ko‘p xonali xonadonlar esa 2,1 foizga arzonlashgan.

Ikkilamchi bozorda esa barcha segmentlarda o‘sish qayd etilgan. Eng katta o‘sish 1 xonali uylar segmentida bo‘lib, narxlar 3,5 foizga oshgan. 2 xonali uylar 0,4 foizga, 3 xonali uylar 1,2 foizga va 4+ xonali xonadonlar 0,6 foizga qimmatlashgan.

Tahlilga ko‘ra, markazga yaqin hududlarda to‘liq ta’mirlangan uylarning narxi yuqoriligicha qolmoqda. 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha taklif narxlari Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 1413–2121 dollarni tashkil etgan. Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida bu ko‘rsatkich 1195–1797 dollar, Uchtepa, Olmazor va Sirg‘alida esa 900–1367 dollar oralig‘ida bo‘lgan.

Hududlar o‘rtasidagi tafovut ayniqsa 4 xonali to‘liq ta’mirlangan xonadonlarda yaqqol namoyon bo‘lgan. Birlamchi bozorda Mirobod tumanida 1 kvadrat metr narxi 2 117 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Sirg‘alida bu ko‘rsatkich 922 dollar bo‘lib, narxlar o‘rtasidagi farq 2,3 baravarga yetgan. Ikkilamchi bozorda esa Mirobodda 1 677 dollar, Sirg‘alida 900 dollar qayd etilib, tafovut 1,9 baravarni tashkil qilgan.

Mutaxassislar Yashnobod tumanidagi narx o‘sishini qurilish faolligi, infratuzilmaning rivojlanishi hamda “Yangi Toshkent” loyihasi bilan bog‘liq kutilmalar bilan izohlashmoqda.

Shuningdek, uy-joy oldi-sotdisida naqdsiz hisob-kitob tartibi joriy etilgani dastlabki oyda narxlarga keskin ta’sir ko‘rsatmagan. Yakuniy ta’sirni baholash uchun 2026-yilning ikkinchi va uchinchi choraklaridagi bozor dinamikasi muhim bo‘lishi ta’kidlangan.

Tahlillar OLX.UZ ochiq e’lonlari asosida tayyorlangan bo‘lib, unda taklif narxlari aks etgan. Yakuniy bitim narxlari esa bundan farq qilishi mumkin.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid