Seshanba, 2 Iyun

Toshkentda yaxshi yashash uchun oyiga qancha pul kerak?

4 kishidan iborat oila uchun esa bu ko‘rsatkich ijara xarajatlarisiz 21–23 mln so‘m atrofida baholangan.

Xalqaro Numbeo platformasi Toshkent shahridagi yashash xarajatlari bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtda bir kishining o‘rtacha oylik xarajatlari ijara to‘lovlarisiz qariyb 6,2–6,3 mln so‘mni tashkil etadi. 4 kishidan iborat oila uchun esa bu ko‘rsatkich ijara xarajatlarisiz 21–23 mln so‘m atrofida baholangan.

Numbeo ma’lumotlari Toshkentda kundalik hayot xarajatlari nisbatan past bo‘lsa-da, uy-joy ijarasi va daromadlar o‘rtasidagi tafovut sezilarli bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Poytaxtdagi ovqatlanish xarajatlari bo‘yicha oddiy restoranda bir kishilik tushlik yoki kechki ovqat o‘rtacha 70 ming so‘mni tashkil etadi. Ikki kishi uchun o‘rta toifadagi restoranda uch xil taomdan iborat kechki ovqat narxi esa 420 ming so‘m atrofida baholangan. Fastfud toifasidagi kombinatsiyalangan taom o‘rtacha 55 ming so‘mga teng.

Bozor va kundalik iste’mol mahsulotlari narxlari ham Numbeo bazasida aks etgan. Masalan, 1 litr sut o‘rtacha 14–15 ming so‘m, 500 gramm non 7–8 ming so‘m, 1 kilogramm guruch 21–22 ming so‘m, tuxumning 12 donasi esa 22–23 ming so‘m atrofida baholanmoqda.

Transport xarajatlari Toshkentning nisbatan arzon jihatlaridan biri sifatida qayd etilgan. Jamoat transportida bir martalik yo‘l haqi o‘rtacha 1,7–2 ming so‘m, oylik abonement esa 135–150 ming so‘m atrofida. Taksi xizmatida boshlang‘ich tarif o‘rtacha 10 ming so‘m, har kilometr uchun to‘lov esa 4,5–5 ming so‘mni tashkil etadi. Benzinning 1 litri o‘rtacha 12–12,5 ming so‘m deb ko‘rsatilgan.

Uy-joy ijarasi esa poytaxtdagi eng yirik xarajatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Numbeo hisob-kitoblariga ko‘ra, shahar markazida bir xonali kvartira ijarasi o‘rtacha 7,5 mln so‘m, markazdan tashqarida esa 4,4–4,5 mln so‘mni tashkil etadi. Uch xonali kvartira ijarasi markaziy hududlarda 13–14 mln so‘mgacha yetishi mumkin.

Kommunal xizmatlar ham sezilarli xarajatlar qatorida. 85 kvadrat metrli kvartira uchun elektr energiyasi, isitish, suv va chiqindi xizmatlarini o‘z ichiga olgan oylik to‘lov o‘rtacha 650–680 ming so‘m atrofida baholanmoqda. Cheksiz internet narxi esa 150 ming so‘mga yaqin.

Shu bilan birga, Numbeo Toshkentdagi o‘rtacha oylik sof ish haqi soliqlardan keyin 7 mln so‘m atrofida ekanini ko‘rsatmoqda. Bu esa ayniqsa ijarada yashovchi fuqarolar uchun daromad va xarajatlar o‘rtasidagi muvozanat dolzarb masala bo‘lib qolayotganini anglatadi.

Numbeo’ning sifat va qulaylik indekslarida Toshkent xavfsizlik ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori, yashash xarajatlari bo‘yicha esa “juda past” toifadagi shaharlardan biri sifatida qayd etilgan. Biroq xarid qobiliyati indeksi nisbatan pastligi aholining real daromadlari masalasini ham kun tartibida saqlab qolmoqda.

Ma’lumot uchun, Numbeo dunyo bo‘ylab yashash xarajatlari, ijara bozori, transport, sog‘liqni saqlash va kundalik iste’mol narxlari bo‘yicha foydalanuvchilar kiritgan ma’lumotlar asosida tahliliy platforma hisoblanadi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid