2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 14,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 22,6 foizga oshgan. Ta’lim xizmatlari tarkibida oliy ta’lim sohasi yetakchilik qilgan bo‘lib, uning ulushi jami xizmatlar hajmining 43,3 foizini tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda ta’lim xizmatlari hajmi 7,5 trillion so‘mga yetgan.
Keyingi o‘rinlarni Samarqand viloyati (993,6 mlrd so‘m), Farg‘ona viloyati (834 mlrd so‘m), Andijon viloyati (730,7 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (717,8 mlrd so‘m) egallagan.
Shuningdek, Buxoro viloyatida 639,9 mlrd so‘m, Namangan viloyatida 638,8 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida 552 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 454,2 mlrd so‘m hamda Surxondaryo viloyatida 448,2 mlrd so‘mlik ta’lim xizmatlari ko‘rsatilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 413,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, Jizzax viloyatida 215,1 mlrd so‘m, Navoiy viloyatida 179,8 mlrd so‘m va Sirdaryo viloyatida 159,1 mlrd so‘m qayd etilgan.
