Seshanba, 1 Sentabr

O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi

Yil boshida davlat qarzi 46,855 mlrd dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, olti oy davomida u 1,46 mlrd dollarga oshgan.

O‘zbekistonning davlat qarzi 2026-yilning ikkinchi choragi yakunida 48,315 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumot berdi.

Yil boshida davlat qarzi 46,855 mlrd dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, olti oy davomida u 1,46 mlrd dollarga oshgan. 2025-yilning mos davriga nisbatan esa davlat qarzi 4,82 mlrd dollar yoki 11 foizga ko‘paygan.

Davlat qarzining YAIMga nisbati ikkinchi chorak yakunida 27 foizni tashkil etdi. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 26,3 foiz bo‘lgan.

Qarzdorlikning 84 foizi — tashqi qarz

Davlat qarzining asosiy qismini tashqi qarz tashkil etmoqda. 1-iyul holatiga tashqi qarz 40,711 mlrd dollarga yetgan va jami davlat qarzining 84 foizini tashkil qilgan.

Birinchi chorak yakunida tashqi qarz 39,776 mlrd dollar edi. Shunday qilib, uch oy ichida tashqi qarz 935 mln dollarga oshgan.

Tashqi qarzning:

  • 21,716 mlrd dollari — qat’iy foiz stavkasida;
  • 18,728 mlrd dollari — o‘zgaruvchan foiz stavkasida;
  • 266 mln dollari — foizsiz qarzlardan iborat.

Tashqi qarzning 39,292 mlrd dollari bir yildan ortiq muddatda so‘ndiriladigan uzoq muddatli majburiyatlardir.

Ichki qarz ham oshgan

Davlatning ichki qarzi birinchi chorakdagi 7,209 mlrd dollardan 7,604 mlrd dollargacha ko‘paygan.

Natijada ichki qarzning jami davlat qarzidagi ulushi 15 foizdan 16 foizgacha oshgan.

Ichki qarzning 5,846 mlrd dollari qat’iy foiz stavkasida, 1,718 mlrd dollari esa foizsiz qarzlardan iborat. Uning 5,435 mlrd dollari bir yildan ortiq muddatga olingan.

Tashqi qarzning asosiy qismi qayerga yo‘naltirilgan?

Davlat tashqi qarzining qariyb yarmi — 20,53 mlrd dollar yoki 50 foizi budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Qolgan mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga jalb qilingan:

  • 5,47 mlrd dollar (13%) — yoqilg‘i-energetika sohasi;
  • 3,72 mlrd dollar (9%) — sog‘liqni saqlash, ta’lim va IT;
  • 3,37 mlrd dollar (8%) — uy-joy va kommunal xo‘jaligi;
  • 3,34 mlrd dollar (8%) — qishloq va suv xo‘jaligi;
  • 3,06 mlrd dollar (8%) — transport va transport infratuzilmasi.

Eng yirik kreditorlar

Tashqi qarz tarkibida xalqaro moliya institutlari 22,48 mlrd dollar, ya’ni jami tashqi qarzning 55 foizi bilan eng katta ulushga ega.

Eng yirik kreditorlar:

  • Jahon banki — 9,12 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 8,17 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — 2,32 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 1,2 mlrd dollar;
  • XVJ — 608 mln dollar;
  • YTTB — 478 mln dollar.

Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlariga esa 11,45 mlrd dollar yoki 28 foiz to‘g‘ri keladi.

Ular orasida Xitoy 3,88 mlrd dollar, Yaponiya 3,09 mlrd dollar, Fransiya 1,3 mlrd dollar, Germaniya 725 mln dollar va Janubiy Koreya 693 mln dollar bilan qayd etilgan.

Shuningdek, yanvar-iyun oylarida tashqi qarzning 17 foizi yoki 6,77 mlrd dollari investorlar mablag‘lari hisobidan shakllangan.

Qarz qaysi valyutalarda jalb qilingan?

Tashqi qarzning asosiy qismi AQSH dollarida jalb qilingan. Uning 27,44 mlrd dollari yoki 57 foizi dollar valyutasiga to‘g‘ri keladi.

Yana 3,89 mlrd dollar (8%) yevroda va 2,75 mlrd dollar (6%) Yaponiya iyenasida jalb qilingan.

Umuman, tashqi qarzning 38,639 mlrd dollari xorijiy valyutada, 2,072 mlrd dollari esa milliy valyutada denominatsiya qilingan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitoblarida 2026-yil uchun dastlabki prognoz qilingan YAIM ko‘rsatkichidan foydalanilgan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid