Seshanba, 1 Sentabr

O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 barobarga oshdi

Biroq inflyatsiya hisobga olinganda, pensiya o‘sishi ancha pastroq ko‘rinadi.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik pensiya miqdori so‘nggi o‘n yilda nominal hisobda 3,3 barobarga oshgan. Biroq inflyatsiya hisobga olinganda, pensiya o‘sishi ancha pastroq ko‘rinadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik pensiya 494,2 ming so‘mni tashkil etgan. 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 mln 649,2 ming so‘mga yetgan.

O‘rtacha pensiya qanday o‘zgargan?

  • 2016 yil — 494,2 ming so‘m
  • 2017 yil — 556,8 ming so‘m
  • 2018 yil — 640,5 ming so‘m
  • 2019 yil — 733,2 ming so‘m
  • 2020 yil — 848,5 ming so‘m
  • 2021 yil — 963,6 ming so‘m
  • 2022 yil — 1,08 mln so‘m
  • 2023 yil — 1,23 mln so‘m
  • 2024 yil — 1,50 mln so‘m
  • 2025 yil — 1,65 mln so‘m

Shu bilan birga, Markaziy bankning inflyatsiya kalkulyatoriga ko‘ra, 2016 yildagi 494 ming so‘mlik pensiyaning 2025 yil dekabrdagi iste’mol savati bo‘yicha qiymati taxminan 1,36 mln so‘mga teng.

Demak, 2025 yildagi o‘rtacha 1,65 mln so‘mlik pensiya 2016 yilgi pensiyaning inflyatsiyaga moslashtirilgan qiymatidan qariyb 21 foiz yuqori.

Har uch yangi pensionerdan ikkitasi to‘liq ish stajiga ega emas

Pensiya tizimida yana bir muhim tendensiya kuzatilmoqda. Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010 yilda yangi tayinlangan pensiyalar orasida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar ulushi 6 foiz bo‘lgan.

2025 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 61 foizga yetgan.

Ya’ni, bugungi kunda yangi pensionerlarning qariyb uchdan ikki qismi to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqmoqda.

Umumiy pensionerlar tarkibida ham to‘liq ish stajiga ega bo‘lmaganlarning ulushi oshgan: 2010 yildagi 3 foizdan 2025 yilda 39 foizgacha.

Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘liq pensiya tayinlanishi uchun erkaklarga 25 yil, ayollarga esa 20 yil ish staji talab etiladi. Minimal stajga ega bo‘lmagan fuqarolarga esa mavjud ish stajiga mutanosib ravishda to‘liq bo‘lmagan pensiya tayinlanadi.

Pensiya jamg‘armasi bunday holatlarning asosiy sabablari sifatida norasmiy bandlik, ish haqini “konvert”da olish, ijtimoiy soliq to‘lamaslik, mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning arxivga topshirilmasligi hamda ayrim davrlarda fuqarolarning rasmiy ish bilan qamrab olinmaganini ko‘rsatgan.

Ayni paytda pensionerlarning 47 foizi 820 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha miqdorda pensiya olmoqda.

Pensiya miqdori esa, asosan, fuqaroning rasmiy ish staji, ish haqi va to‘lagan ijtimoiy soliq miqdoriga bog‘liq.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid