O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida qayd etilgan firibgarlik holatlari oqibatida fuqarolarga 278,3 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Tezkor choralar natijasida esa 113,1 milliard so‘mlik mablag‘ bloklangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lum qildi.
Markaziy bank tomonidan Ichki ishlar vazirligining CardBlock elektron axborot almashinuvi platformasida ro‘yxatga olingan murojaatlar tahlil qilindi. O‘rganishlar 2026-yil 1-yanvardan 1-oktabrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan.
CardBlock kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda ma’lumotlarni tezkor almashish, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarga zudlik bilan munosabat bildirish va zarur choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.
Eng ko‘p zarar qaysi firibgarlik usullari orqali yetkazilgan?
Firibgarlik turi ko‘rsatilmagan murojaatlar — 98,1 mlrd so‘m.
Bank kartalari va elektron hamyonlardan mablag‘lar yechib olingani yuzasidan, biroq firibgarlik usuli aniq ko‘rsatilmagan 11 475 ta murojaat qayd etilgan. Ushbu murojaatlar bo‘yicha moddiy zarar 98,1 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Mobil qurilmalarga zararli dasturlar o‘rnatilishi — 79,3 mlrd so‘m.
Eng ko‘p qayd etilgan firibgarlik holatlari mobil qurilmalarga zararli dasturlar o‘rnatilishi bilan bog‘liq. Fuqarolar noma’lum manbalardan zararli fayllarni yuklab olish va o‘rnatish oqibatida zarar ko‘rgan.
Ushbu yo‘nalishda 18 830 ta holat aniqlanib, umumiy moddiy zarar 79,3 milliard so‘mga yetgan.
Telefon orqali aldash — 27,7 mlrd so‘m.
O‘zini bank yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirgan firibgarlarning telefon orqali bergan ko‘rsatmalariga amal qilish oqibatida 611 ta holat qayd etilgan. Mazkur holatlarda fuqarolar 27,7 milliard so‘m zarar ko‘rgan.
Telegram akkauntlarini egallab olish — 21,9 mlrd so‘m.
Firibgarlar tomonidan fuqarolarning Telegram akkauntlarini qo‘lga kiritish bilan bog‘liq 2 808 ta holat ro‘yxatga olingan. Yetkazilgan moddiy zarar 21,9 milliard so‘mni tashkil etgan.
Soxta investitsiyalar va onlayn xaridlar ham katta zarar keltirgan
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, soxta treyding platformalari va yuqori daromad va’da qiluvchi investitsiya takliflari orqali 1 044 ta firibgarlik holati qayd etilgan. Natijada fuqarolar 15,1 milliard so‘m zarar ko‘rgan.
Shuningdek, pulni ko‘paytirib berish va’dasi bilan tashkil etilgan, moliyaviy piramida alomatlariga ega sxemalarga mablag‘ o‘tkazish bilan bog‘liq 1 086 ta holatda 14 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Internet orqali mahsulot yoki xizmat sotib olish uchun oldindan to‘lov amalga oshirilgan, biroq mahsulot yetkazib berilmagan yoki xizmat ko‘rsatilmagan 3 571 ta murojaat qayd etilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha zarar 10,5 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, firibgarlar fuqarolarni kreditni bekor qilish yoki to‘xtatish bahonasida aldab, ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan 130 ta holat aniqlangan. Yetkazilgan zarar 10,6 milliard so‘mga yetgan.
Onlayn o‘yinlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish jarayonidagi firibgarlik bilan bog‘liq 272 ta holatda esa 900 million so‘m zarar qayd etilgan.
Kredit bo‘yicha avtomatik undiruvlar ham firibgarlik deb o‘ylangan
Tahlillar davomida fuqarolar bank hisobvaraqlaridan pul yechib olinganini firibgarlik deb gumon qilib murojaat qilgan holatlar ham aniqlangan.
Tekshiruvlar natijasida ayrim mablag‘lar aslida kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun banklar tomonidan avtomatik ravishda undirilgani ma’lum bo‘lgan.
Bunday murojaatlar soni 2 737 tani, ular bilan bog‘liq mablag‘lar miqdori esa 7,6 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Mazkur holatlar firibgarlik sifatida emas, kredit qarzdorligi bo‘yicha avtomatik undiruvlar sifatida alohida ko‘rsatilgan.
113,1 milliard so‘mlik mablag‘ bloklangan
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, qayd etilgan firibgarlik holatlari bo‘yicha umumiy moddiy zarar 278,3 milliard so‘mga yetgan.
Tezkor ko‘rilgan choralar natijasida 113,1 milliard so‘mlik mablag‘ bloklangan. Biroq mablag‘larning bloklanishi ularning barchasi jabrlanuvchilarga qaytarilganini anglatmaydi.
Ayni paytda qayd etilgan firibgarlik holatlari yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?
Markaziy bank fuqarolarga moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishni tavsiya etmoqda:
- Noma’lum APK fayllarni o‘rnatmang. Messenjerlar yoki ishonchsiz manbalardan kelgan zararli dasturlar telefoningizdagi ma’lumotlarga xavf tug‘dirishi mumkin.
- Bank kartasi ma’lumotlari va SMS kodlarini oshkor qilmang. O‘zini bank xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili sifatida tanishtirgan shaxslarga ham tasdiqlash kodlarini bermang.
- Telegram akkauntingizni himoyalang. Ikki bosqichli tasdiqlash funksiyasini yoqing.
- Onlayn xaridlarda ehtiyot bo‘ling. Oldindan to‘lov qilishdan avval sotuvchining ishonchliligini tekshiring.
- Shubhali investitsiya takliflariga ishonmang. Qisqa muddatda katta daromad yoki pulni bir necha barobar ko‘paytirishni va’da qiluvchi loyihalardan ehtiyot bo‘ling.
- Firibgarlikka duch kelsangiz, darhol murojaat qiling. Xizmat ko‘rsatuvchi bank yoki to‘lov tashkiloti hamda ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar bering.
Mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish va shaxsiy moliyaviy ma’lumotlarni himoya qilish raqamli firibgarlik xavfini kamaytirishga yordam beradi.