Bir oyda Toshkentdagi Yangi Qo‘yliq dehqon bozorida pomidorning eng yuqori ulgurji narxi bir kilogramm uchun 7 000 so‘mga oshdi, limonniki esa 28 000 so‘mga pasaydi. Natijada ikkala mahsulotning ham eng yuqori narxi 22 000 so‘m/kg bo‘ldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Chorsu bozorida sovutilgan import qo‘y go‘shtining eng yuqori narxi ham sezilarli pasaydi — bir kilogramm uchun 23 000 so‘mga.
Chorsuda go‘sht narxlari qanday o‘zgardi?
Chorsu bozorida sovutilgan import qo‘y go‘shtining eng past narxi bir oyda 18 000 so‘mga, eng yuqori narxi esa 23 000 so‘mga tushdi. Uning bir kilogrammi 100 000–105 000 so‘mdan taklif etildi. Qo‘y qovurg‘asi 100 000–110 000 so‘m/kg, bo‘yin go‘shti esa 90 000–100 000 so‘m/kg darajasida qoldi. Qo‘y go‘shtining barcha turlari bo‘yicha eng yuqori narx 18 000 so‘mga pasayib, 110 000 so‘m/kg bo‘ldi.
Sovutilgan import mol go‘shtining eng past narxi kilosiga 3 000 so‘mga, eng yuqori narxi esa 1 000 so‘mga oshdi. Natijada uning bir kilogrammi 87 000–110 000 so‘mdan taklif etildi. Mol qovurg‘asi 75 000–80 000 so‘m/kg, sarpanja 90 000–95 000 so‘m/kg, son go‘shti esa 90 000–100 000 so‘m/kg darajasida qoldi.
Yangi Qo‘yliqda pomidor, bodring va piyoz qimmatlashdi
Yangi Qo‘yliq dehqon bozoridagi “Food City” savdo majmuasida pomidorning eng past narxi bir oyda kilosiga 1 500 so‘mga, eng yuqori narxi 7 000 so‘mga ko‘tarildi. Bir kilogramm pomidor 5 500–22 000 so‘mdan taklif etildi.
Bodringning eng past narxi 3 000 so‘mga, eng yuqori narxi 2 000 so‘mga oshib, bir kilogrammi 9 000–16 000 so‘m bo‘ldi. Piyozning eng past narxi 500 so‘mga, eng yuqori narxi esa 1 700 so‘mga ko‘tarildi. Uning bir kilogrammi 2 000–4 500 so‘mdan taklif etildi.
Sarimsoqning eng yuqori narxi kilosiga 5 000 so‘mga oshib, 15 000 so‘mga yetdi. Eng past narxi 5 000 so‘mligicha qoldi. Bulg‘or qalampirining eng yuqori narxi 1 000 so‘mga ko‘tarildi, eng past narxi esa o‘zgarmadi. Bir kilogramm qalampir 4 000–20 000 so‘m bo‘ldi.
Kartoshkaning eng yuqori narxi kilosiga 300 so‘mga, lavlaginiki 500 so‘mga, karamniki esa 200 so‘mga oshdi. Uchala mahsulotning ham eng past narxi o‘zgarmadi. Bir kilogramm kartoshka 2 500–6 300 so‘mdan, lavlagi 3 000–4 500 so‘mdan, karam esa 2 200–3 000 so‘mdan taklif etildi.
Baqlajonning eng yuqori narxi kilosiga 500 so‘mga pasaydi. Uning bir kilogrammi 4 000–5 500 so‘m bo‘ldi. Turp narxi 2 000–3 000 so‘m/kg darajasida qoldi.
So‘nggi kuzatuvda qizil sabzi 3 000–5 000 so‘m/kg narxda qayd etildi. Bir oy avval sabzining eng past narxi bundan 500 so‘m, eng yuqori narxi esa 1 000 so‘m baland edi. Avvalgi kuzatuvda sabzining turi ko‘rsatilmagan.
Limon va uzumning eng yuqori narxi pasaydi
Mevalar orasida eng katta pasayish limonda kuzatildi. Uning eng past narxi kilosiga 5 000 so‘mga, eng yuqori narxi esa 28 000 so‘mga tushdi. Natijada limon 10 000–22 000 so‘m/kg oralig‘ida taklif etildi. Uzumning eng yuqori narxi 15 000 so‘mga pasayib, 35 000 so‘m/kg bo‘ldi. Eng past narxi esa 10 000 so‘m/kg darajasida qoldi.
Olmaning eng past narxi kilosiga 1 000 so‘mga tushdi, eng yuqori narxi o‘zgarmadi. Bir kilogramm olma 5 000–25 000 so‘mdan taklif etildi. Behi va bananning eng yuqori narxi 18 000 so‘m/kg bo‘ldi. Bir oyda behiniki 2 000 so‘mga pasaygan bo‘lsa, bananniki shuncha miqdorga oshdi. Behining eng past narxi 10 000 so‘m/kg, bananniki esa 13 000 so‘m/kg bo‘ldi.
Nok, kivi, apelsin va mandarin narxlari o‘zgarmadi. Bir kilogramm nok 13 000–30 000 so‘mdan, kivi 18 000–25 000 so‘mdan, apelsin 10 000–20 000 so‘mdan, mandarin esa 10 000–25 000 so‘mdan taklif etildi.
Bir dona ananasning eng yuqori narxi 7 000 so‘mga pasaydi. Ananas donasiga 20 000–38 000 so‘m bo‘ldi. So‘nggi kuzatuvda bir dona qovun 3 000–4 000 so‘m, tarvuz esa 2 000–2 500 so‘m deb qayd etildi. Bir oy avval qovun va tarvuz narxi kilogramm hisobida berilgani uchun ularning oylik o‘zgarishini aniqlab bo‘lmaydi.
Guruchning eng yuqori narxi 1 000 so‘mga oshdi
Bir oyda Lazer guruchining eng yuqori ulgurji narxi kilosiga 1 000 so‘mga oshib, 18 000 so‘mga yetdi. Eng past narxi esa 13 000 so‘m/kg darajasida qoldi.
Dukkakli mahsulotlarning narxi o‘zgarmadi. Bir kilogramm mosh 15 000–19 000 so‘m, no‘xat 15 000–25 000 so‘m, qizil loviya esa 15 000–18 000 so‘m bo‘ldi.
Vazirlik Yangi Qo‘yliqda meva, sabzavot va poliz mahsulotlarining ulgurji narxlarini ertalab soat 05:00 dan 07:00 gacha, Chorsuda esa mol va qo‘y go‘shti narxlarini soat 22:00 dan tungi 02:00 gacha qayd etadi.