Yakshanba, 8 Iyun

1 yanvardan soliq sohasida qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

2025-yilining 1-yanvaridan boshlab, biznes bir huquqbuzarlik uchun ikki marta jazolanmaydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

❌Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi (jarima – bunday faoliyatdan olingan daromadning 10 foizi, lekin 1 million soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda).

✔️Biroq, maʻmuriy javobgarlik saqlanib qolinadi. Tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish, huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

❌Fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzganlik uchun maʻmuriy javobgarlik bekor qilinadi.

✔️Shu bilan birga, avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash va soliq organlariga tegishli axborot berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik saqlanib qoladi (mansabdor shaxslarga – BHMning 100 baravari).

❌Qonunchilikda majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi.

✔️Biroq, bunday huquqbuzarlik uchun Soliq kodeksida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar oʻz kuchida qoladi – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 %i miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

❌Shu bilan birga, xodimlar sonini yashirganlik uchun maʻmuriy javobgarlik bekor qilinadi (BHMning 10 baravari miqdorida jarima).

Yangi o‘zgarishlar ba’zi me’yorlarni yengillashtirmoqda, ammo qonunlarga rioya qilish muvaffaqiyatli biznes yuritishning muhim omili boʻlib qolaveradi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid