O‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddat ichida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ta’kidlab o‘tildi.
Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.
O‘tgan yili aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etdi.
Biznesni soyadan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ko‘paytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirdi.
O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi.