2025-yil 1-maydan O‘zbekistonda shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarga yangi bojxona normalari joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 19-apreldagi 244-son qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun quyidagi limitlar belgilandi:
- havo transporti orqali — 1000 dollar,
- temir yo‘l va daryo transportida — 500 dollar,
- avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — 300 dollar,
- xalqaro kuryer jo‘natmalarida — 200 dollar,
- pochta orqali — 100 dollar.
Bu choralar nazariy jihatdan bojxona tartibini yaxshilashga qaratilgan bo‘lsa-da, amalda fuqarolar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk yaratmoqda hamda bozordagi raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yangi me’yorlar import qilinadigan mahsulotlar narxini sun’iy ravishda oshirishi mumkin. Rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni fuqarolar o‘z hisobidan chetdan olib kelishga majbur bo‘lishadi, biroq 30 foizlik boj bu mahsulotlarni qimmatlashtiradi. Natijada, yirik importchilarning mavqei mustahkamlanadi, kichik tadbirkorlar esa bozordan siqib chiqariladi.
Bu esa raqobatning pasayishiga, narxlarning oshishiga va mahsulot sifati yomonlashishiga olib keladi. Eng asosiysi, iste’molchi tanlov erkinligidan mahrum bo‘ladi.
Mazkur muammolarni yumshatish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagi takliflarni ilgari surmoqda:
- Bojxona to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida belgilanadigan bo‘lishi kerak;
- Tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyojdagi tovarlardan aniq ajratish va ortiqcha qismiga moslashtirilgan, progressiv stavkalarni joriy etish;
- Bojxona tariflari raqobatni rivojlantirish va kontrabandaga qarshi kurash vositasi sifatida qo‘llanilishi, monopoliyalarni himoya qilish vositasi bo‘lmasligi kerak;
- Ichki bozorda yetarli raqobat mavjud bo‘lmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
- 1–2 dona shaxsiy qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish va bepul qilish (masalan, UzIMEI orqali).
Хulosa o‘rnida, bugungi kunda shaxsiy iste’mol uchun tovarlarga qo‘llanilayotgan yuqori bojxona to‘lovlari fuqarolarning iqtisodiy erkinligiga va mulkiy huquqlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sabab, boj siyosati adolat, erkin raqobat va iste’molchi huquqlarini himoya qilish tamoyillariga asoslanib, kontrabandaga qarshi aniq, ammo inson huquqlarini cheklamaydigan yondashuvga ega bo‘lishi zarur.