9-oktabr kuni Chernogoriya hukumati O‘zbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibini bekor qilganini ma’lum qildi.
Bosh vazir Miloyko Spayich raisligida o‘tgan 98-sessiyada ilgari qabul qilingan “vizadan vaqtincha ozod etish” haqidagi qarorlar bekor qilindi.
Hukumat bayonotiga ko‘ra, bu o‘zgarishlar Chernogoriyaning milliy viza siyosatini Yevropa Ittifoqi talablariga moslashtirish hamda 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Ahror Burxonov ma’lum qilishicha, hozirda vizasiz rejim faqat turistik mavsum – 15-iyundan 30-avgustgacha amal qiladi. Shu davrda o‘zbekistonliklar turistik vaucher asosida mamlakatga kirishlari mumkin.
Qolgan vaqtlarda esa viza Moskvadagi Chernogoriya elchixonasi orqali rasmiylashtiriladi. Vazirlik hozircha Chernogoriyadan rasmiy bildirishnoma olinmaganini ham ta’kidladi.