Yakshanba, 9 Noyabr

Toshkentda 1 mlrd dollarlik yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida bunyod etilayotgan yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda ushbu yirik majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Yangi aeroport qiymati 1 milliard dollarga baholanmoqda va u Markaziy Osiyodagi eng yirik aeroport bo‘lishi rejalashtirilgan. Loyiha Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” hamda Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshiriladi. Yapon korporatsiyasi mazkur loyihaga 200 million dollar sarmoya kiritmoqchi.

Aeroport 2030-yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 2,5 milliard dollarlik ishlar doirasida yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega terminal va aerodrom quriladi. Umuman olganda, loyiha 4 bosqichda amalga oshiriladi.

Foto: O’zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, jami 1309,76 gektar maydonda barpo etiladi. Kadastr boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra:

  • Sug‘oriladigan yerlar – 1075,45 gektar,
  • Bog‘lar – 112,69 gektar,
  • Yaylov va pichanzorlar – 0,65 gektar,
  • Boshqa yerlar – 120,97 gektarni tashkil etadi.

Shundan O‘rta Chirchiq tumanidan 790,76 gektar (shundan 609,95 gektari sug‘oriladigan, 112,63 gektari bog‘), Quyi Chirchiq tumanidan esa 519 gektar (465,5 gektari sug‘oriladigan) yer ajratiladi.

Aeroportning birinchi bosqichida aerovokzal, aerodrom, 14 ta teleskopik trap va 62 ta samolyot uchun to‘xtash joyi barpo etiladi. Loyiha yakunlangach, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish amaliyoti bajarish, yiliga 129 ming tonna yuk tashish imkoniyati yaratiladi.

Yangi aeroport Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) standartlariga to‘liq javob beradi. Unda eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvoz xavfsizligi tizimlari joriy qilinadi. Bu esa samolyotlarni har qanday ob-havo sharoitida qabul qilish imkonini beradi.

Shuningdek, majmua “yashil standartlar” asosida quriladi va Markaziy Osiyoda ekologik talablarga javob beradigan birinchi “green airport” bo‘ladi. Aeroport terminalida 46 ming kvadrat metrli “Duty Free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroport Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon va Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Shuningdek, bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent shahri o‘rtasida esa maxsus shattl transport tizimi tashkil etiladi.

Loyiha yakunida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirish maqsad qilingan. Tahlillarga ko‘ra, yangi aeroport mamlakat iqtisodiyotiga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratadi va xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish hamda turizm sohalarining rivojlanishiga turtki beradi.

Foto: O’zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, yangi aeroport poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilish ishlarini rasman boshlab berdi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid