Rossiya Markaziy banki 24-oktabr kuni o‘tkazilgan Pul-kredit siyosati kengashi yig‘ilishida asosiy stavkani 17 foizdan 16,5 foizga tushirishga qaror qildi. Bu stavka — tijorat banklari Markaziy bankdan qarz olishi mumkin bo‘lgan eng past foiz miqdorini belgilovchi asosiy moliyaviy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylar davomida kreditlash hajmi sezilarli darajada faollashgan. Shu bilan birga, aholining inflyatsion kutilmalari hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu holat narxlar o‘sishini barqaror sekinlashtirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Bazaviy prognozga ko‘ra, 2026-yilda asosiy stavka o‘rtacha 13–15 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa yuqori foiz stavkalari uzoqroq muddat saqlanib turishini anglatadi. Markaziy bank inflyatsiyani 4 foizlik maqsad darajaga qaytarish uchun zarur bo‘lgan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishini bildirdi.
Avvalgi prognozlarda inflyatsiya 2026-yilda nazorat ostiga olinadi deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi bu muddat yilning ikkinchi yarmiga surilgan. Shuningdek, Markaziy bank yangi tahlillarda 2027-yilni ham o‘z bashoratlariga qo‘shgan.
Asosiy stavkaning pasayishi fonida omonatlar va jamg‘arma hisobvaraqlari bo‘yicha foiz stavkalari ham asta-sekin kamayishi mumkin. Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda ayrim banklar, ilgari keskin tushirib yuborgan foizlarini biroz oshira boshlagan edi.
Hozirda Rossiya bozorida o‘rtacha foiz stavkalari quyidagicha shakllangan:
- 3 oylik omonatlar uchun – 15,32%,
- 6 oylik omonatlar uchun – 14,89%,
- 1 yillik omonatlar uchun – 13,44%.
Markaziy bankning ushbu qarori Rossiya moliya bozorida kreditlash faolligini rag‘batlantirishi mumkin, biroq inflyatsiyani jilovlash borasidagi bosimlar hali ham saqlanib qolmoqda.